DXA tizimida davlat tiliga oid ishlar samaradorligi ta’minlanmoqda

DXA tizimida davlat tiliga oid ishlar samaradorligi ta’minlanmoqda

Davlat tili — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Odatda, koʻp millatli mamlakatlarda, masalan, Hindiston, Kanada, Shveysariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitutsiyalarida belgilab qoʻyilgan. Davlatlarning koʻpchiligida rasmiy til bilan Davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til maqomi davla tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveysariyada konstitutsiyaga binoan nemis, fransuz, italyan tillari — rasmiy til; nemis, fransuz, italyan va retoroman tillari — davlat tili sanaladi.

Oʻzbekistonda sobiq ittifoq paytida davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin  boʻlmagan, aksincha oʻzbek tilining ijtimoiy hayotda qoʻllanilishi tobora cheklanib qolgandi. Jamiyatni qayta qurish maʼnaviy poklanishni boshlab berdi. Uning natijasi oʻlaroq "Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi qonuni qabul qilindi (1989 y. 21 okt.). Bu qonun oʻzbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol oʻynadi. Mazkur qonun qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan Oʻzbekistonda davlat tili— oʻzbek tilidir. Qoraqalpogʻistonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bogʻliq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tugʻdirdi, respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida boʻlgan va madaniy-maʼnaviy sohada oʻziga xoslikni mustahkamlashga intilgan bir sharoitda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonunning koʻpgina moddalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etdi.

2020 yilning 19 oktabr kuni o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga oid prezident farmoni imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;

2030 yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;

oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;

lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida «O‘zbekiston milliy qomusi» jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish;

2020 yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;

teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;

2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;

dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;

xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;

2030 yilga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish;

2025 yilga qadar «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish nazarda tutilgan.

Ayni paytda Davlat xizmatlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi tizimida ma’naviy – ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, FHDYo organlari uchun “O‘zbek ismlarining imlo va izohli lug‘ati”ni tayyorlashda ishtirok etish, ish hujjatlarini lotin yozuviga asoslangan  o‘zbek alifbosiga  bosqichma-bosqich o‘tkazish, binolar hamda ularga tutash hududlarda o‘rnatilgan barcha tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavhalar, reklama va e’lonlardagi ma’lumotlarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mosligini  o‘rganish, mavjud imloviy xatolarni aniqlash va bartaraf etish kabi vazifalar belgilab olingan.

Shuningdek, xodimlar uchun ma’naviyat soatlari tashkil etilib, ularda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida hujjatlarni yuritish bo‘yicha tushuntirish ishlari tizimli olib borilmoqda.

Elyor Urdushev - DXA Jizzax viloyat boshqarmasi mas'ul xodimi