Nega TikTok qisqa vaqt ichida bunchalik mashhur boʻlib ketdi? Uning algoritmlari qanday ishlaydi?
Oʻzbekistonda ham bu platformaning keskin oʻsganini kuzatishimiz mumkin. Endilikda TikTok faqatgina maktab oʻquvchilari kiradigan platforma emas, balki siz ham allaqachon uning foydalanuvchisiga aylangan boʻlishingiz mumkin (qiziqarli video ketma-ketliklardan oʻzini tortish oson ish emas, albatta). Ammo, oramizda bu ilovani oʻz smartfoniga oʻrnatib, unga kirib, raqsga tushayotgan odamlarni koʻrib, “eee, beʼmanilik”, deb, ilovani oʻchirib tashlaganlar ham yoʻq emas. Xoʻsh, unda 1 milliard+ auditoriya qayerdan keldi?
1-sabab. Asosiy interfeys — bu tavsiyalar tasmasi. Har doim yangi video
Odamzot boshqa odamlarni tomosha qilishni yaxshi koʻrishini va miyamiz ilgari koʻrilmagan yangi kontentdan maza qilishini TikTok juda yaxshi tushuna oldi. Asosiy interfeysda siz, kuzatuvchi sifatida, yangi odamlarning videolarini koʻrasiz, yaʼni yangi kontent. Toʻgʻri, allaqachon obuna boʻlgan blogerlar ham chiqadi, lekin TikTok algoritmlari bu borada balans ushlay oladi (tanish va yangi kontent oʻrtasida), va buni juda yaxshi bajaradi. Bilasizmi, eng muhimi nima? — tavsiyalar tasmasi hamma uchun individualdir!
2-sabab. Sunʼiy idrokka asoslangan kuchli tavsiya mexanizmi
TikTok ortida turgan ByteDance (Xitoy) kompaniyasining dasturchilari ajoyib tavsiya algoritmini yarata olishdi. Keyin esa uni milliard xitoylik foydalanuvchilarida sinab, mukammallashtirishdi.
Agar siz TikTokʼda bir necha hafta vaqt sarflasangiz, faol boʻlsangiz (har kuni kirib tursangiz), videolarga layk qoʻysangiz, izoh yozsangiz, qidiruv tizimi orqali sizni qiziqtirgan blogerlarga obuna boʻlsangiz, algoritm sizning odatlaringizni oʻrganib oladi va aynan shunga qarab kontent tavsiya qiladi. Yana bir afzallik — sozlamalarda faqat ingliz tilidagi kontentni koʻrsatishni tanlab, faqatgina shu tildagi videolarni koʻrib borishingiz mumkin.
Odatda internet orqali foydalanuvchilarning eʼtiborini tortish uchun ancha-muncha harakat qilish talab qilinadi: SEO-maqolalar yozish, auditoriya yigʻish, sovgʻalar oʻynash (“giveaway”), reklamaga pul toʻlash, sifatli video yaratish uchun qimmatbaho texnika sotib olish va hokazo. TikTok esa ijodkorlar uchun mini-inqilobni amalga oshirdi. Endilikda siz qilishingiz kerak boʻlgan yagona narsa — tomoshabinlarni jalb qiladigan video yaratish, TikTok algoritmlari qolgan ishni oʻz zimmasiga oladi. Qizigʻi, siz bu videoni oʻz smartfoningiz kamerasiga olishingiz mumkin.
3-sabab. Video suratga olish TikTokʼning oʻzida osongina amalga oshiriladi. Videoni montaj qilish uchun juda qulay imkoniyati ham bor
Taʼkidlash joizki, TikTokʼda aksariyat kontent — bu raqs va musiqa, bu esa koʻpchilikka yoqishi tayin. Biroq, hozirda ekspert kontentga, storitelling (bu iborani ham “kirgizib” yubordik oʻzbek tilimizga) videolarga talab oshib bormoqda.
TikTok oʻziyam ayni paytida paydo boʻldi-da: aksariyatda sifatli video oladigan shaxsiy smartfon bor paytda. Ilova ichidagi videoni montaj qilish uchun videomuharrir esa — bomba. Filtr, soyalar, qizlar uchun pomada, subtitrlar, effektlar, videoni sekinlashtirish/tezlashtirish, ranglar qoʻshish, kesish va hokazo, bularning hammasi u yerda mavjud (ByteDanceʼdagi dasturchi akalarga gap yoʻq).
Yana bir muhim jihat — blogerlar qancha faol boʻlsa, TikTok ularning videosini shuncha koʻp odamga koʻrsatadi, shu sababli odatda ular har kuni 3-4 tadan qisqa videolar olishadi (boshqa qiladigan ishi yoʻqmi bularni, deyishingiz mumkin).
Xulosa
Esingizda boʻlsa, 2013-yillarda odamlar Instagram’ni jiddiy qabul qilishmagandi, bu qizlar, mushukchalar va ovqat suratlari uchun platforma deyishardi. Bugun esa deyarli hamma Instagramʼda boʻlishni xohlaydi. TikTok bilan ham shu narsa roʻy berishi turgan gap. Yaqinda Xitoyda Li Tzyasi degan bloger 12 soatli jonli efirda 1,7 milliard dollarlik kosmetika sotgani haqida xabar paydo boʻldi (12 soatda 1,7 milliard dollar, Karl). Shu sababli koʻplab yirik kompaniyalar ham bu tarmoqqa eʼtiborini qaratishni boshlayapti.
TikTokʼga munosabatingiz qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, vertikal videolar hozirgi kun trendiga aylanganini inkor etish qiyin, buni esa, oʻz navbatida, biznes uchun ishlatish mumkin. Qolaversa, ekspert kontent yaratishni boshlayotganlar ham koʻpayib bormoqda. Siz ham smartfoningizni olib, kontent yaratishni bugunoq boshlashingiz mumkin.