OTM va talabalar formasi: hijobdan kedagacha

Улашиш:

Oliy ta’lim muassasalari mamlakat kelajagi uchun kadrlar yetkazib beruvchi maskanlardir. Ulardagi tartib-qoida tabiiyki, bu kadrlar sifatiga qaysidir darajada ta’sir qiladi. OTMda kiyinish madaniyati ana shu axloq qoidalarining ajralmas qismidir. Yaqin yillarda nafaqat yurtimizda, balki dunyoda diniy liboslar, ayniqsa, ayollarning hijob, chodra yoki buqra kabi kiyimlarda yurishi muhokama markazida bo‘lib qoldi. Bu muammo ko‘riladigan muhim joylardan biri – ta’lim maskanlaridir. Muammo faqat ayol-qizlarga tegishli emas. Umuman, OTMlar talabalardan talab qiladigan axloq qoidalari ko‘plab tolibi ilmlarning norozi fikrlariga sabab bo‘layotgan muammolardan biridir.

Aslida, oliy ta’lim muassasalari nega “forma” talab qilishadi? Forma – ma’lum bir sohada ishlovchilarni vazifasiga ko‘ra farqlab turish uchun maxsus belgilangan kiyim hisoblanadi. Lekin biz talabalarni shifokorlar, politsiyachilar, harbiylar, o‘t o‘chiruvchilar kabi doimiy uniformada yuruvchilardek jamiyatda alohida tanib olishimizga biror sabab bormi? Keng tarqalgan stereotipga ko‘ra talabalar nega bir xil, ya’ni oq-qora forma kiyishi kerak? Aslida ham OTMlar axloq qoidalariga ko‘ra oq-qora forma majburiymi? Va nihoyat, formadan barcha talabalar norozimi?

Bugungi kunda forma masalasini o‘rganish uchun, albatta, universitetlarga borish shart emas – shunchaki ozroq internet traffigi va vaqt – siz yuzlab mahalliy va xorijiy oliy o’quv yurtlaridagi dress code haqida bilib olishingiz mumkin, hech bo‘lmaganda, tasavvur hosil qilasiz. Ular rangbarang va bir qator o‘ziga xosliklarga ham ega. Ammo, o‘rganishlar natijasida, ularda bir qator umumiy jihatlar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Biroq xorijiy OTMlardan oldin, talabalar ko‘p hollarda norozi bo‘ladigan – o‘zim ham talaba bo‘lganman va bu davr mobaynida bunday e’tirozlarni kam eshitmaganman – forma masalasini ko‘rib chiqsak.

Gulrux Ibrohimzoda, NamDU yosh o‘qituvchisi: Forma sifatida talaba oliygoh nufuzini o‘zida aks ettiruvchi simvol toki emblema tushurilgan pidjak yoki bluzkani kiyishi yetarli deb o‘ylayman. Talaba bu formani o‘zi xohlab, g’ururlanib kiyishi kerak. Umumiy forma yoki uning elementi dissiplinani o‘rgatadi.

Ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan odamlar ham nufuzli oliygoh talabasi ekan deb xavas bilan qarashadi. Albatta, bu boshqa talabalar uchun raqobat muhitini yaratadi. Har qanday oliygohga kirib tahsil olish anchagina jiddiy mehnatni talab qiladi.

Lekin oq-qora formani yoqlamayman. Talabalar voyaga yetgan va mustaqil fikrga ega – ularga bir nechta namunalarni taklif qilish to‘g’riroq bo‘lar edi. Boshqa tarafdan, kiyinish qoidalari butkul olib tashlansa, talabalar oliygohlarni to‘yxonaga aylantirib yuborishlari mumkin.

O‘zbekistonda yetakchi oliygohlardan biri – Toshkent davlat yuridik universiteti rasmiy saytida berilgan axloq qoidalari oddiy va sodda mazmunga ega bo‘lib, ko‘proq tavsiyaviy xarakterga ega.

Mumkin: zamonaviy, boshqalar diqqatini tortmaydigan, klassik to‘q rang (qora, to‘q ko‘k, to‘q jigarrang kabi) va och rang (oq, moviy, och kulrang kabi) kontrastini o‘zida aks ettirib, ochiq bo‘lmagan, kamtarona ko‘rinishda bo‘lgan kiyimlar.

Mumkin emas: tananing ko‘p qismlarini ochiq qoldiruvchi yoki shaffof kiyimlar, yorqin va yaltiroq matolardan tikilgan, ko‘plab bezaklari bo‘lgan va kishi diqqatini jalb qiluvchi, shuningdek, diniy ibodat kiyimlari, ortiqcha taqinchoqlar, tatuajlar, sport kiyimlari, sport mashg’ulotlaridan boshqa vaqtlarda, tabiiyki, hamda soqolda kelish. “Diniy kiyim” emas, “diniy ibodat kiyimi” degan iboraning qo‘llanishi – talabalar bilan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarning oldini olishga qaratilgan, shekilli. Chunki, “diniy kiyim” iborasi – dinga mansublikka ishora qiluvchi liboslar bo‘lib, madaniy o‘ziga xoslikni ko‘proq bildiradi, mening nazarimda. Zamonaviy jamiyatlarda, dindorlar va boshqalarning kiyinish uslubi ko‘p ham farq qilmaydi, natijada, “diniy ibodat libosi” – zaruriy ibora.

Universitet saytida joylashgan videorolikda ham ko‘rish mumkinki, bo‘lajak yuristlar namunali kiyinish madaniyatiga ega. Ammo, bu xulosani faqat saytda berilgan videorolikka asoslanib keltirmadim: turli vaziyatlarda va bir necha bor bu universitetga tashrif buyurganman va komissiya kelish yoki kelmasligidan qat’iy nazar (!) talabalarning kiyinishi va o‘zini tutishini namunali deb ayta olaman.

Mamlakatimizdagi boshqa bir nufuzli universitet – Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining axloq qoidalari ham TDYUdagi qoidalarga o‘xshash, biroq biroz batafsilroq mazmunga ega. Yuqoridagi qoidalarga sharqshunoslar nimalarni qo‘shimcha qilishgan: tor kiyimlar, g’ayrioddiy kiyim va soch turmaklari, hijob va boshqa diniy marosim kiyimlari, shuningdek, “yirtilgan” va “titilgan” jinsilarda kelish.

Har ikki universitet dress code qoidalarini o‘qib chiqar ekanmiz, shunday xulosaga kelish mumkin: o‘quv va kasb egallash jarayonida ishtirokchilar diqqatini chalg’ituvchi kiyinish elementlari ta’qiqlangan, xolos. Oliy ta’lim jarayonining maqsadi aniq – malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ayni vaqtda ziyoli qatlamni shakllantirish. Ommaviy madaniyat elementlari bo‘lgan kalta, yirtish yoki titish orqali maxsus “ishlov berilgan”, yaltiroq, shaffof kiyimlar, o‘ta yorqin taqinchoqlar va bo‘rttirilgan pardoz – mumtoz madaniyat borasidagi bilimlardan kelib chiqilsa, ziyoli kishiga xos emas. Bu o‘rinda, bir qator talabalarni qiynaydigan ikki muammo mavjud: hijob (1) va sport uslubidagi kiyimlar (2).

Hijob – islom dini shariati ayollarga qo‘yilgan talabga ko‘ra, sodda til bilan aytganda, qo‘lining kaftgacha, boshning faqat yuz qismini ochiq qoldirgan holda, to‘piqqacha yopiq bo‘lgan kiyinish uslubi. Islomda ayollarning sipo va kishilar, ya’ni nomahramlar nazarini o‘ziga tortmaydigan kiyimlarni kiyishi rag’batlantiriladi. Shariatda hijobning qanday o‘ralishi haqida butun boshli tartib-qoidalar jamlanmasi mavjud. Sipolik va diqqatni tortmaslik – OTM formalari uchun qo‘yilgan talab ekanligini hisobga olsak, hijobni ham qabul qilish mumkin, albatta, ba’zi istisnolarni e’tiborga olmasa. Biroq, talaba qizlar har doim ham hijobni OTM tartiblarini buzmagan holda, ya’ni qoidasini kelishtirib o‘rashyaptimi? Yoki e’tirozlar faqat bir tomonlama OTM ma’muriyati nuqtayi nazaridan kelib chiqib qilgan muomalasi tufayli sodir bo‘lyaptimi?

Bu masala ustida ishlar ekanman, internetda bir-ikki chiqishlarga ko‘zim tushdi. Biroq hijob borasida yaqindagina yangi tahrirda qabul qilingan vijdon erkinligi to’g’risidagi qonunga ko‘ra ortiqcha salbiy fikrlar bildirmaymiz. Bu masala deyarli uch yildan beri muhokama maydonidan tushmay kelayotgan edi. OTMlarda hijobga ruxsat berish va buning barobarida tartib-qoidani zamonaviy ko‘rinishda saqlab qolish uchun muqobil tavsiya qilishga arzirli namunalar qidirishga urinib ko‘rdim. Ma’lum bo‘ldiki, hijobga o‘xshash kiyim boshqa dinlarda ham mavjud bo‘lib, quyida Islomda qabul qilingan turlari:

 

Biroq hijob ham iste’molchilar talabidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar va xalqaro dizaynerlar, brendlar e’tiborini tortdi. Shu bois, hijob ham zamonaviy moda olamining bir qismiga aylandi. Bu olamning eng ko‘p muxlislari esa aynan talaba qizlar orasida ekanligini hisobga olsak, nega OTMlarda hijobning buncha ko‘p va rangbarang ko‘rinishlarini ko‘rish mumkinligi oydinlashadi. Huddi boshqa kundalik va marosim kiyimlari kabi hijob ham kiyilish joyi va vaziyatga qarab tanlanishi kerak. Yosh o‘qituvchi va kuzatuvchi sifatida aytishim mumkinki, yorqin va o‘ta uzun, keng qilib tikilgan bichimdagi hijoblar o‘ta kalta va yaltiroq hamda bachkana kiyimlardek diqqatni tortadi – bu, shariat qoidalariga zid. Shu boisdan ham, bichim va ranglar hammasi hijobli talabalar uchun ham, hijobsiz talabalar uchun ham birdek amal qilishi kerak. Bundan tashqari, diniy idoraning rasmiy bergan bayonotiga ko’ra, hijob va ro’mol diniy kiyim emas. Bundan kelib chiqilsa, yuqoridagi OTM ichki tartib qoidalari kiyinish bo’limidagi ta’lim muassasalari ichida diniy libos kiyish degan gapdan “hijob”ni olib tashlash kerak bo’ladi. Agar hijobni diniy libos deb olinsa, unda bir tarafdan Konstitutsiyada berilgan va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonun bilan mustahkamlab qo’yilgan har qanday dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini poymol qiladigandek. Barcha dinlarning o’z talablari bor, ularni bajarish imon-e’tiqodning sharti hisoblanadi. Fuqaro biror dinga e’tiqod qilar ekan, unga biror tashkilot tomonidan dinni yoki dunyoviylikni tanlash majburiyatining qo’yilishi uning vijdon erkinligiga dahl qilishdir. Albatta, bu o’rinda, dunyoviy jamiyatda dindorlikning o’ta mutaassib shakllari tartibga solinishi kerak, negaki, bu holat boshqa diniy konfessiya va dinga e’tiqod qilmaydiganlar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Kiyinish bu borada muhim element. OTMlarda hijobga nisbatan neytral munosabat shakllantirilishi kerak ekan, mavjud umumiy qoidalardan kelib chiqib, forma sifatida qabul qilinishi mumkin deb hisoblaganimiz ba’zi maqbul tavsiyalarni keltirmoqdamiz:

Foto: Pinterist


*Yuqorida keltirilgan fotosuratlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, kamtarona uslubi tufayli ushbu maqolada keltirildi. Ularning hech qaysi biri tijoriy yoki reklama maqsadlarni ko‘zlamaydi.

 

Sodiqjon Begimqulov: “Menimcha, juda qat’iy bo‘lmasa-da ta’lim tizimi uchun forma baribir kerak. Forma, tom ma’noda talabalar o‘rtasida o‘zaro “tenglik”ni ushlab turuvchi asosiy vosita deb bilaman. Tasavvur qilib ko‘raylik, agar forma bo‘lmasa, hamma xohlagan kiyimida kelsa, bu avvalo madaniyatga ham ta’sir ko‘satmay qolmaydi. O‘sha siyqasi chiqqan (ammo haqiqatga ancha yaqin) gaplar – qizlarning tor va kalta kiyimlari-yu, o‘g’il bolalarning har xil futbolka yoki shortiklarda auditoriyalarga kirib kelishi – bu, anchagina achinarli holatga olib keluvchi asosiy sabab bo‘lishi aniq (bu gaplarning umumiy olganda aynan kimlargadir taalluqlik joyi yo‘q – shunchaki mening shaxsiy fikrim)”.

 

Ikkinchi – sport uslubi yoki zamonaviy moda tili bilan aytganda casual style’dagi kiyinish masalasiga kelsak. Bu uslub, odatda, turli rangdagi jinsi matosidan tikilgan, erkin uslubdagi shimlar, shortilar, bluzka va futbolkalar, xudilar, ko‘ylaklar, kepka va boshqa noklassik uslubdagi bosh kiyimlar, krossovka, kedalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ryukzaklarni ham shu uslubga kiritish mumkin. Ko‘p hollarda sport uslubidagi kiyimlar deb atalishiga qaramay, ularning hammasini ham jismoniy mashg’ulotlar vaqtida kiyib bo‘lmaydi, masalan, keda yoki jinsi kiyimlarni. Doimiy harakatda bo‘lgan talabalar uchun esa bu uslubda kiyinish qulay va narx jihatdan ham arzonga tushadi. Albatta, qabul qilingan rasmiy talablarni bekor qilish degan fikrdan yiroqmiz. Ammo ba’zi istisnolar kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ya’ni, maxsus tadbir va uchrashuvlar uchun alohida (1), ma’ruza va seminar mashg’ulotlari uchun (2) hamda kutubxona va axborot resurs makrazlarida ishlaganda kiyiladigan (3) formalarni joriy qilish. Aslida, bu  g‘oya qisman AQShning Garvard universiteti saytidagi talabalar dress code haqidagi videorolikdan olindi. Sahifaning nomlanishi ham o‘ziga xos: Dress for Success – Omad uchun kiyim. Ular birinchi ikki xil turdagi uslubni tavsiya qilishgan. Huddi shu nom ostida eng yirik fotosuratlar jamlanmasini o‘zida birlashtirgan pinterest saytidan ham ayollar uchun, ham erkaklar uchun ko‘plab maqbul variantlarni topish mumkin. Uchinchisi talabalarning shaxsiy tanlovi bo‘lgani bois, erkinlik berish zarur: mustaqil ishlash, ilmiy izlanish olib borish ruhiy erkinlikni talab qiladi, buning uchun kiyim shaxsiy tanlov asosida tanlangan bo‘lishi zarur. Chunki, rasmiy forma ko‘pchilik uchun bosim ostida bo‘lish hissini paydo qilar ekan (!). Bu tartibni ham xodimlarga, ham talabalarga joriy qilish mumkin, deb o‘ylayman.

 

Iroda To‘raqulova: Forma tartib belgisi bo‘lganli sababli talabalarga ular oliy o‘quv yurti talabasi ekanligini eslatib turadi va ularni ma’lum darajada tartibga keltiradi. Ya’ni, forma bo‘lmasa, hamma har xil kiyinishga harakat qiladi va bu tabaqalanishni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Ammo forma uning bilimini yoki o‘qishdagi o‘rnini belgilab bermasligi lozim. Ko‘p hollarda formasi yo‘q talabalar darsda ko‘p tanqidga duchor bo‘ladi, bu esa talabaning o‘sha kungi motivatsiyasi va prixikasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Hozirgi kunda jahon standartlaridagi tajribani o‘rganayotgan ekanmiz, chet eldagi forma borasidagi tartib-qoidalarni ham o‘rganib, bu tajribani ham inobatga olish lozim, deb o‘ylayman.

Yuqorida biz OTM larga xos bo’lgan eng ko’p muhokama mavzusiga aylangan masala yuzasidan kichik izlanish qildik, xolos. Olingan intervyular, bahs-munozaralardan ham ko’rinib turibdiki, talabalar OTMlarda kiyinish borasida qoidalar bo‘lishiga qarshi emas, aksincha, tarafdor. Faqat, qoidalar zamon talablariga ko‘ra o‘zgarib boraveradi. O‘zgarishlarning mualliflari esa ko‘p hollarda yoshlar bo‘lishadi. Forma bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar oliy ta’lim tajribali mutaxassislarni yetishtirishda davom etmoqda va bu quvonarli holat.

Nodira Nazarqulova

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.