Jizzax shahrida chiqindilar nega o'z vaqtida olib ketilmayapti. Jamoatchilik ushbu masalani o'rgandi

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqda 2024-yilning 14-avgust kuni e’lon qilingan Jizzax shahridagi "Zargarlik" MFY va "Olmazor" MFY hududidagi "Olmazor siti" aholi turar joy binolari atrofida hosil bo‘lgan ekologik holat bo‘yicha Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan shu kunning o‘zida joyiga borgan holda o‘rganish ishlari tashkil etildi. O‘rganish ishlarida viloyat IIB JXX JTSB patrul-post xizmati bataloni,  "Jizzax MTRK" telekanali, O‘zAA, eko-blogerlar, jamoatchilik vakillari, Jizzax shahri aholisiga sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan "Eko-Hоuse" MCHJ mas’ullari hamrohlik qildilar.

O‘rganish ishlari avvalida "Zebo" savdo markazi atrofiga tashlab ketilgan chiqindilar nazoratga olindi. Davlat inspektorlari tomonidan chiqindilarni noqonuniy tarzda tashlab ketilgan holatlar bo‘yicha huquqbuzar fuqarolarga ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, "Zargarlik" MFY hududida olib borilgan nazorat ishlari davomida aholi tomonidan qattiq, maishiy va qurilish chiqindilari belgilanmagan joyga tashlab ketilganligi holatlari aniqlandi va  jami 7 ta holat bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, MJtKning 91-moddasi  1-qismiga asosan *"BHMning ikki baravari - 680 000 so‘mdan*" jarimalar qo‘llandi.

Shuningdek, "Zargarlik" MFY joylashgan 3 ta CHTSHlarining holati o‘rganilganda "Eko-House" MCHJ tomonidan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmaganligi aniqlandi. Shu yerning o‘zida MCHJning mas’ul vakili ishtirokida chiqindilarni bartaraf etish ishlari olib borildi. Ayni damda "Zargarlik" MFY va "Olmazor siti" aholi turar joy binolari atrofida chiqindi tashish shoxobchalarida chiqindilarni bartaraf etish ishlari Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan. Bu haqda  qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz.


Shu o‘rinda aholi turar joy massivlarida fuqarolarning ekologik madaniyatga rioya etishini, chiqindilarni CHTSHga joylashtirilgan  konteynerlarga tashlashlarini, qolaversa, chiqindilarni saralash ko‘nikmalarini oshirishlarini so‘rab qolamiz. Negaki, ayrim hollarda chiqindilar konteynerga emas, balki  uning arofiga tashlab ketilayotganligini guvohi bo‘lyapmiz. Bu esa atrofda ekologik muhitning yomonlashuviga va chiqindilarni yuklovchilarga noqulayliklar tug‘dirayotganligini eslatib o‘tamiz.

Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.