“Open budget” va ishdan ketkazilgan bog‘cha mudirasi. Denovda nimalar bo‘lmoqda?

Улашиш:

Factchecknet.uz nashri bir qancha vaqtdan buyon “Tashabbusli budjet” loyihasi va u bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarni o‘rganib, yoritib kelmoqda. Bugun sayt o‘z e’tiborini Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi davlat bog‘chalaridan biriga qaratdi.

“Tashabbusli budjet”ning 2023-yil 1-mavsumida “Maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari” yo‘nalishida Denov tumanidagi 16-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi g‘olib chiqdi.

“Shamoli” MFYda joylashgan ushbu bog‘chaning loyihada yutib chiqishi uchun 2001 ta ovoz yig‘ilgan. G‘oya tashabbuskori Openbudget.uz saytidagi “Jamoatchilik nazorati” bo‘limida favqulodda xabar qoldirgan

“Loyihani amalga oshirish ishlari juda sifatsiz, hozirgi kunga qadar amalga oshgani yo‘q, tegishli tashkilotlar yuzaki o‘rganib ketgan bo‘lsa-da, qolgan ishlar bajarilmasdan kelinmoqda”.

Shuningdek, loyihaning yakunlanish muddati 2023-yil deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, tadbir holati “jarayonda” bo‘lib turibdi. Biz ushbu jarayonni o‘rganish maqsadida Denov tumanida bo‘ldik.

Loyihani amalga oshirishdagi buyurtmachi tashkilot sifatida “Denov tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi” davlat muassasasi belgilangan. Loyiha xronologiyasida loyihachi ma’lumotlari ko‘rinmaydi. Pudratchi sifatida Kadirov Murat Xamidovich nomi keltirilgan. 

Biroq elektron tender tizimlarida ushbu ko‘rsatilgan lot raqami (231110082206783) orqali hech qanday ma’lumot topishning iloji yo‘q. Bundan  lot raqami noto‘g‘ri kiritilgan, degan xulosaga keldik.

Rasmiylashtirilgan shartnomalar, to‘lov topshiriqnomalari va hisob fakturalar ro‘yxatidagi raqamlar o‘zaro mutanosib emas. Xususan, loyihaning joriy holati haqidagi tabloda 307 million so‘mlik ishlar bajarilganligi belgilangan bo‘lsa, to‘lov topshiriqnomalari ro‘yxatidagi raqamlar bu summadan ortib ketadi.

Bundan anglashiladiki, saytda ma’lumotlar xato to‘ldirib borilgan.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan tashabbuskor Xulkar Niyozovaga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” doirasida qilingan ishlar sifatidan bir necha marta shikoyat qilganidan keyin u ishdan ketkazilgan. Avva bog‘cha mudirasi bo‘lgan tashabbuskor xozirda metodist sifatida faoliyat olib borayapti. Niyozova ushbu loyihaning g‘olib chiqishi uchun ovoz to‘plash jarayonidagi qiyinchiliklar haqida so‘zlab berar ekan, bu mavzuni endi unuta boshlaganini, shu masala sabab sog‘ligida muammolar yuzaga kelganini aytadi.

Suhbatdoshimiz so‘zlariga ko‘ra, bog‘cha uchun olib kelingan o‘yinchoqlar belgilangan narxlarga arzimaydi. Hisob-fakturalar ro‘yxatida o‘yinchoqlar uchun to‘lovlar aks etmaydi.

Uzex Tender ma’lumotlar ro‘yxatida buyurtmachi INN sini kiritish orqali qidiruvlar natija bermaydi.

Bog‘chaning ayni paytdagi mudirasi bizning xo‘jalik ishlari bo‘yicha xodim bilan mazkur masalada suhbatlashishimizga to‘sqinlik qildi va loyiha yuzasidan hech qanday e’tiroz va shikoyatlari yo‘qligini bildirdi. Denov tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. 

Mazkur holat yuzasidan tegishli idoralardan munosabat kutib qolamiz. Factchecknet.uz “Tashabbusli budjet” loyihasi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishda davom etadi.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.