Saylovlardagi dipfeyklar: haqiqiy tahdidmi?

Улашиш:

Sun’iy ravishda yaratilgan videolar bilan tarmoq foydalanuvchilarini ajablantirish qiyin. Dipfeyklar firibgarlar tomonidan odamlarni puldan mahrum qilish uchun ishlatiladi, ammo AI texnologiyasi boshqa sohalarda ham qo‘llanilishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global miqyosda saylovlarda dipfeyklarning ko‘payishi kuzatilmoqda.

Ba’zi mamlakatlar saylov kampaniyalarida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan audio, tasvir va videolardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini ishlab chiqishga shoshilayotgan vaqtda tartibga soluvchi qonunchilikda bo‘shliqlar paydo bo‘lmoqda.

Microsoft hisobotiga ko‘raXitoyda mashhur siyosatchining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan audioyozuvi chop etilgan. Biroq Foxconn egasi Terri Gou bunday bayonotlar qilmagan va keyinroq YouTube audioyozuvni o‘chirib yuborgan.

Janubiy Afrikada reper Eminemning raqamli versiyasi mamlakatda may oyidagi saylovlar oldidan muxolifatchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlagan. 

Janubiy Biroq, ijrochining o‘zi bunda ishtirok etmagan.

AQShning Nyu-Xempshir shtatida saylovchilarga go‘yoki prezident Jo Baydendan xabar bilan qo‘ng‘iroqlar kela boshladi. Biroq, u shtatdagi praymerizlar uchun saylov byulletenida bo‘lmagan, ammo demokratlar saylovchilarni uning ismini kiritishga va shu bilan amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirmoqchi bo‘lishgan.

Audioda Baydenning ovozidan farq qilib bo‘lmaydigan ovoz praymerizni “bir qator bema’nilik” (uning sevimli iboralaridan biri) deb atagan va ularda qatnashmaslikka chaqirgan, chunki “bu respublikachilarga Donald Trampni yana saylash uchun kurashda yordam beradi”, — degan. Keyinchalik bu raqamli dipfeyk ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Jorj Vashington nomidagi Universitet mutaxassislari o‘z tadqiqotida AI bilan bog‘liq xavflarning o‘sganini tasdiqlashmoqda va 2024-yilning yoz fasliga kelib, AIdan foydalanib, yovuzlik qiluvchilar faollashishi holatlari har kuni bo‘lishini bashorat qilmoqda.

Biroq, platformalar ham choralar ko‘rmoqda. Misol uchun, ChatGPT va DALL-E tasvir generatori yaratuvchilari saylovlar haqiqiyligini ta’minlash bo‘yicha o‘z strategiyasini e’lon qilishdi. Meta esa AI mavjud tarkibni markirovkalashni rejalashtirgan. 

Ayni paytda, Yevropadagi siyosiy jarayonlar ham AI dan holi bo‘lmadi.

Jumladan, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Vera Yurova Yevropa Ittifoqining bir qancha mamlakatlarida dipfeyklar qayd etilganini ta’kidladi.

“Sun’iy intellekt yordamida dipfeyk yaratish uchun 30 daqiqa yetarli. Bunga Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda o‘tkazilgan bir necha saylovlarda guvoh bo‘ldik. Bu ovoz berish natijalariga tubdan ta’sir qilganligini yoki yo‘qligini baholash uchun bizda ma’lumotlar yo‘q. Ammo bundan ommaviy foydalanilsa, biz erkin va adolatli saylovlar haqida unutishimiz mumkin”, — dedi u.

Hindistonda saylovoldi tashviqotlar vaqtida hukmron partiyaning yuqori martabali amaldorlari aks etgan soxta videoroliklar tarqalishi qayd etilgan. Bosh vazir Narendra Modi buni “jamiyatda keskinlik yaratish uchun fitna” deb atadi va rahbarlar bayonotlariga taqlid qiluvchi soxta ovozlardan foydalanilganiga ishora qildi. OAV xabarlariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri Amit Shoh va bosh vazirning yana bir katta yordamchisi tasvirlangan manipulyativ videolari yaratilgan.

Latviyada dipfeyklar uchun jinoiy jazo qo‘llash imkoniyati muhokama qilindi. Seym yakuniy oʻqishda jinoyat qonunchiligiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish uchun ovoz berdi.

Tuzatishlar siyosiy partiyalar yoki birlashmalar, deputatlikka nomzodlar, mahalliy hokimiyat organlari yoki Yevroparlament deputatligiga nomzodlar to‘g‘risida dipfeyk texnologiyalar yordamida qasddan yolg‘on tuhmat qiluvchi ma’lumotlarni tayyorlash yoki tarqatish, agar bu saylov kampaniyasi paytida yoki saylov  kuni sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.

Bunday jinoyat besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, qisqa muddatli ozodlikdan mahrum qilish, shartli yoki jamoat ishlari bilan jazolanishi mumkin, dedi manba.

Bu yil 45 dan ortiq davlatda saylovlar o‘tkazildi yoki ularni o‘tkazish rejalashtirmoqda. Geografik joylashuvi va ichki siyosatning o‘ziga xos xususiyatlaridan qat’i nazar, dipfeyklar media makonda paydo bo‘lishi va u yoki bu toifadagi saylovchilarning fikriga ta’sir qilishi mumkin.

Jahon Iqtisodiy Forumi va Accenture kompaniyasi hisobotida ekspertlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dipfeyk video yoki audio yozuvlar nomzodlar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish yoki jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish uchun ishlatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Siyosiy bellashuvlarda dipfeyklar yaratish uchun sun’iy intellektdan foydalanish noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish va saylovchilarni aldashga xizmat qiladi, shuning uchun faktlarni tekshirish vositalaridan foydalanish va ma’lumotni shubha ostiga qo‘yish muhim.

Kalit so‘zlar: AI, depfeyklar, saylovlar, AQSh, Hindiston, Xitoy.

Sizni quyidagilar ham qiziqtirishi mumkin:

Dipfeyklarni qanday aniqlash mumkin?

Faktlar tekshiruvi trendda

Ovozli feyklarni qanday farqlash mumkin?

Sizga faktchekerdek fikrlashga yordam beruvchi 5 o‘yin

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.