So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda feromonli parfyumeriya reklamalari faol ravishda tarqalib, tobora ko‘proq e’tiborni tortmoqda.
Reklamachilarning fikriga ko‘ra, sintetik feromonlar bilan aralashtirilgan parfyumeriya afrodiziak xususiyatiga ega bo‘lib, odamning jozibadorligini oshiradi.
HUKM: YOLG‘ON
Teri inson hidini belgilovchi asosiy organdir. Bu genetika va ovqatlanish turiga bog‘liq. Har bir insonning o‘ziga xos hidi bor.
To‘rtta molekula mavjud: androstenon, androstenol, androstadiyenon va estratetrayenol, ular inson feromonlari ekanligi tahmin qilingan, ammo bu topilmalarni tasdiqlovchi yetarli ilmiy asoslangan tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Parfyumeriya sohasidagi tajribalar hayvonlarning sherigini o‘ziga tortadigan feromonlarni ajratishi haqidagi kontseptsiyaga asoslanadi, xuddi shu kontseptsiyani odamlarga nisbatan qo‘llash rejalashtirilgan edi.
Biroq, bu masala bo‘yicha ilmiy dalillar turlicha. “Kimyoviy aloqaning neyrobiologiyasi” kitobida qayd etilishicha, odamlarda feromonlarning mavjudligi yoki ularning inson organizmidagi funksiyasi haqida hamma mutaxassislar ham hamfikr emas.
Misol uchun, 2008-yilgi tadqiqotda androstadiyenon gormoni ayollarga qanday ta’sir qilishi ko‘rsatildi.
Tajriba sifatida tezkor tanishuv tashkil etildi, unda bir guruh ayollar androstadiyenon, ikkinchisi esa platsebo eritmasini oldi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, birinchi guruh ishtirokchilari o‘zlari uchrashgan erkaklarni yanada jozibali deb baholashgan. Ikkinchi guruh esa pastroq ball yig‘di.
Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson feromonlari jozibadorlikni oshirishini tushunish uchun ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish kerak va klinik sinovlarda bu haqda dalillar juda kam.
Bundan tashqari, mahsulot jozibadorlikni kuchaytiruvchi feromonlarga ega degan gap haqiqat degani emas.
AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tarkibida feromonlar bo‘lgan ozuqa qo‘shimchalarini yoki parfyumeriya mahsulotlarini tartibga solmaydi, shuning uchun siz faqat ishlab chiqaruvchining so‘ziga ishonishingiz mumkin.
Ko‘pgina tijorat feromon mahsulotlari ta’sirni ko‘paytirish uchun o‘simlik birikmalaridan foydalanadi. O‘simlik “feromonlar” ishlashi mumkin, ammo reklama qilinganidek emas.
Misol uchun, lavanda va romashka stressni kamaytirish uchun ishlatiladi. Agar ular kayfiyatga ta’sir qilsa, unda xotirjamlikka erishish uchun “o‘simlik feromonlari”dan foydalanishingiz mumkin.
Biroq, feromonli parfyumdan foydalanish sizni boshqalarga yanada jozibador qilishi mumkinligi haqida dalillar hali juda kam.
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.