Telegramda firibgarlar sudga chaqiruv qog‘ozi ko‘rinishida virus yuborishni boshladi. Tarmoq foydalanuvchilardan maʼlumotlarni ochmaslik va ehtiyot boʻlish soʻralmoqda.
HUKM: ROST
Kiberjinoyatchilar o‘z faoliyatini kuchaytirib, aldashning yangi usullarini qo‘llashmoqda. Ularning so‘nggi hiylasi Telegram messenjeri orqali sudga rasmiy chaqiruv qog‘ozi ko‘rinishida virus yuborishdir.
Sxema qanday ishlaydi:
1. Siz notanish raqamdan yoki tanishingizdan xabar olasiz, unda chaqiruv xati bilan faylga havola mavjud bo‘ladi.
2. Faylni ochganingizda qurilmangizga zararli dastur o‘rnatiladi.
3. Virus telefoningizdagi barcha ma’lumotlarga, jumladan, kontaktlar, xabarlar, fotosuratlar va bank ma’lumotlariga kirish huquqini qo‘lga kiritadi.
4. Virus avtomatik ravishda sizning nomingizdan barcha kontaktlaringizga yuboriladi va shu bilan potentsial qurbonlar doirasini kengaytiradi.
Qanday qilib himoyalanish mumkin!
Noma’lum jo‘natuvchilardan kelgan fayllarni hech qachon ochmang. Agar xabar tanishingizdan kelgan bo‘lsa ham, unga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotni aniqlashtirgan afzaldir.
Shubhali xabarlardagi havolalarni bosmang va ishonchli antivirus dasturidan foydalaning.
Smartfoningizdagi operatsion tizim va ilovalarni muntazam ravishda yangilang. Agar biror narsa shubhali bo‘lib tuyulsa, darhol xabarni o‘chiring va yuboruvchini bloklang.Yodingizda tuting! Rasmiy organlar va tashkilotlar hech qachon messenjerlar orqali sudga chaqiruv qog‘ozlarini yubormaydi! Muhim ma’lumotni olish uchun faqat rasmiy kanallarga murojaat qiling.