Ishlamaydiganlar soliq toʻlamaydimi yoxud budjet puli kimniki?

Улашиш:

Yaqinda “Oriyat Dono” radiosida efirga uzatilgan “Biz kim” tok-shousidagi radioboshlovchi va shoir oʻrtasidagi suhbat jamiyatning faol qatlami orasida tanqidlarga sabab boʻldi. Suhbatning bir qismida radioboshlovchi o‘zbekistonliklarni “soliqlardan qochib yuradigan xalq” deb ta’riflab, budjet xarajatlari haqida tanqidiy fikr bildirganlarni bunga haqli emas deb, ularning oʻzini qancha soliq to‘laganini ochiqlashga chaqirgan. Uning fikrlarini qo‘llagan shoir esa rasmiy tarzda ishlamaydigan insonlar soliq toʻlamasligi haqidagi mantiqiy xato fikrni ilgari surgan.

Bunaqa qonunchilikka mos kelmaydigan, mantiqiy xato fikrlar faqat ijodkorlar emas, yirik lavozimdagi davlat idoralari masʼullarining ongida ham mavjud. Masalan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosarining norasmiy sektorda ishlaydiganlar “Bir tiyin ham soliq toʻlamaydi” degan fikri yoki Qashqadaryo adliya boshqarmasi boshlig‘ining “Xalq puli davlat budjetiga o‘tsa, u davlatning puliga aylanadi” kabi qarashlari avvalroq ham koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlgan.

Yuqoridagilardan anglash mumkinki, soliq toʻlash deyilganda oylik daromaddan toʻlanishi kerak boʻlgan daromad soligʻinigina tushunuvchilar bor. Ularning fikricha, kim rasmiy sektordan oylik olmasa, demak u soliq toʻlamaydi. Soliq toʻlamasa, budjet pullari qayerga sarflanayotganiga ham aralashishga haqqi yoʻq, degan xato qarash shakllanib qolmoqda. Maʼlumki, oylik maoshdan ushlab qolinadigan soliq (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) – O‘zbekistonda amal qilayotgan 9 xil turdagi soliqdan biri hisoblanadi xolos (“Soliq” kodeksi, 17-modda). Quyida esa soliqqa oid yanglish fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida iqtisod sohasi mutaxassislarining fikrlarini bilan oʻrtoqlashamiz.

Otabek Bakirov,

“bakiroo” blogi muallifi, iqtisodchi bloger

“Budjetning 2/3 qismi egri soliqlar, majburiy to‘lovlar va bojlardan yig‘iladi. Ya’ni budjet asosan iste’molchilar toʻlayotgan soliqlardan (tahr.) shakllanadi. Shuning uchun barcha iste’molchilar mening to‘layotgan soliqlarim deyishga haqli, buning uchun foyda solig‘i to‘lovchi tadbirkor yoki daromad solig‘i to‘lovchi yollanma ishchi bo‘lish shart emas. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, qani mening soliqlarim va soliqlar qayoqqa ketayapti deyish ommalashayotganini kalaka qilish emas, bundan faqat quvonish kerak. Bu vatandoshlik burchi. Biz faqat shu yo‘l bilan durust davlat quramiz.

Uchinchidan, nega Adliya vazirligi yoki IIVga soliqlar haqida savol berilmaydi deyilishi o‘rinsiz. Berilyapti, so‘ralyapti va yana so‘raladi. Budjetning mudofaa va davlat xavfsizligidan tashqari barcha moddalari ochilishi va shaffof bo‘lishi shart”.

Barnogul Sanaqulova,

iqtisod fanlari doktori, professor

“Soliq toʻlashdan nega qochiladi? Soliqqa tortish prinsiplari amalda ishlashi kerak. Birinchisi – bu oshkoralik. Avval ham aytganimdek, biz toʻlayotgan soliq qayerga va qancha sarflanayotgani haqida maʼlumotlarga ega boʻlishimiz kerak. Ikkinchisi, soliq miqdorlarida adolat boʻlishi kerak. Yaʼni, siz soliq toʻlayotgan paytingizda adolatli tarzda toʻlayotganingizni his qilishingiz muhim. Farazan deylik, sizga $100 oylik berilyapti, shundan $90 soliqlarga qaytarib qolinsa va davlat “$20 gina soliqqa qaytarib qolyapmiz” deb tursa, isyon koʻtarasiz. Bunday vaziyatda oʻz-oʻzidan adolatsiz soliq sabab vijdoningiz qiynalmay soliq toʻlashdan qochishga oʻtasiz va bu, fikrimcha, toʻgʻri harakatdir. Sizni aldashayotgan boʻlsa, siz ham shunga munosib tarzda javob qaytarasiz. 

Uchinchisi, soliq toʻlash arzon hamda oson boʻlishi kerak, yaʼni soliq toʻlash uchun asab tolalaringiz nobud boʻlmasin. Bizning tizimda soliq toʻlayman, deganlarga ham imkon berilmay, oqibatda yopib yuborish holatlari bor. Keyingisi, aniqlilik tamoyili. Soliq qonunlari va hisoblanishi dehqon boʻladimi, maʼlumotli shaxs yoki mardikor, barchaga bir xilda tushunarli va sodda boʻlishi kerak. Turli xil notoʻgʻri talqinlar kelib chiqishiga imkon boʻlmasin. Bir xil vaziyat uchun soliq qonunchligi asosida hukm chiqaruvchi sudyalar turli tarzda tushunib, boshqa-boshqa hukmlar qabul qilmasin” (tahr.)

Botir Qobilov,

“Uzbekonomics” blogi muallifi, iqtisod fanlari doktori, professor

“Gapni qarang, “o‘zbek xalqi soliqlardan qochib yuradigan” xalq ekan. 

Qoʻshimchasiga: “Biz maksimum harakat qilamiz, buxgalterning zo‘rini olamiz, bir narsa qilib soliq to‘lamasak, bir narsa qilib aldab qochsak-da. Uni qilib bo‘lgandan keyin, buyoqda chiqib: “Soliqlardan…” deb ayyuhannos solishni bilamiz. O‘zi aksari sohalarda soliq to‘lashni qoyil qiladigan xalq emasmiz”, – deydi vayner.

Avvalambor, oʻzbek xalqi soliqlardan qochib yuradigan xalq emas. Agarda baʼzi jismoniy yoki yuridik shaxslar “buxgalterning zoʻrini olib” soliqdan qochish harakatida boʻlishsa ham, aksariyat oʻzbekistonliklar soliqlarni oʻz vaqtida va toʻliqligicha toʻlashadi. Ayniqsa,  daromad soligʻini. Buni soliqlari oylik tushganda ushlab qolinadigan budjet tashkilotlari ishchilaridan soʻrashingiz mumkin. Shuning uchun kimdir soliq toʻlashdan qochayotgan boʻlsa, butun xalq qochyapti deyish kamida xato.

Ikkinchidan, budjet sarfi haqida gapirishga barcha oʻzbekistonliklar haqli. Daromad soligʻini toʻlaydimi, toʻlamaydimi – farqi yoʻq. Oʻzbekistonda katta muammo – bu davlat xarajatlari, defitsitning ham birlamchi muammosi – bu tushum emas, balki chiqim. Shuning uchun chiqimni istalgan shakldagi nazorati va savol-javobi oʻrinli.

Uchinchidan, bir narsaning vaqti anchadan beri kelganga oʻxshaydi va shu ham boʻlsa artistlar, vaynerlar va shunga oʻxshash kasb egalari daromad soligʻini toʻlashlari kerak. Bu barcha tomon uchun manfaatli boʻlar edi. Bir tarafdan, artistlarga faoliyat olib borish uchun litsenziyalash, uni olib qoʻyish va unga boj toʻlash amaliyotidan voz kechilishi kerak. Boshqa tarafdan, shuning evaziga budjetning chiqim qismi biroz iqtisod qilinadi, yaʼni litsenziya beradigan byurokratiya tugatilishi natijasida. Yana boshqa tarafdan esa, artistlar faoliyatini davlat de-fakto litsenziya orqali nazorat qilayotgani uchun artistlardan davlat marosimlarida yoki yopiq tadbirlarda bepulga foydalanish amaliyotidan ham voz kechilar edi. Natijada, artistlarga ham yengillik, budjetga ham”.

Yuliy Yusupov,

iqtisodchi, Iqtisodiy rivojlanishga koʻmaklashish markazi direktori

Rivojlangan mamlakatlarda budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatadigan (masalan, xizmat mashinasida xotini yoki o‘ynashini olib yuradigan) yoki imkoniyatidan ortiq yashaydigan (xarajatlari daromadidan oshib ketadigan) amaldor ertasi kuniyoq davlat xizmatidan “chopiladi” va u yerda qayta ishlash huquqidan mahrum bo‘ladi. 

Amaldorlarning o‘z faoliyati va xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratiga toqat qila olmasligini aytishini tasavvur qilishning o‘zi mutlaqo aqlga sig‘maydi (tahr.: Madaniyat vaziriga ishora qilinmoqda). Ayniqsa, jurnalist yoki jamoat arboblarining mansabdorlarni jamiyat va xalq tanqididan himoya qilishlari mutlaqo tasavvurga sig‘maydi. 

Nima uchun bunday holatni rivojlangan mamlakatlarda tasavvur qilib bo‘lmaydi? Chunki bunday mamlakatlarda amaldorlar jamiyat manfaatlariga xizmat qilganligi uchun maosh oladigan yollanma xodimlardir. Bu mamlakatlarda davlat mablag‘lari qayerga va qancha miqdorda yo‘naltirilishini amaldorlar emas, balki xalq saylagan parlament hal qiladi. Aynan shu parlament davlat budjetini shakllantiradi. Hukumat faqatgina parlament qarorlarini bajaradi va ham parlament, ham fuqarolik jamiyati tomonidan qattiq nazorat ostida boʻldi. Nazoratning asosiy mexanizmlaridan biri – bu mustaqil OAV, ular amaldorlarning faoliyatini har tomonlama o‘rganib, nazorat qilib boradi.

Afsuski, O‘zbekiston bunday mamlakatlar qatoriga kirmaydi. Bizda hamma narsa teskarisiga. Amaldorlar xalqning xizmatchilari emas, balki xo‘jayinlaridir. Ular mutlaqo nazoratdan tashqari bo‘lib, “davlat puli”ni qancha va nimaga sarflashni o‘zlari hal qilishadi. Parlamentimiz o‘zining asosiy vazifasi – davlat budjeti hajmini belgilash va budjet mablag‘larini taqsimlashni umuman bajarmayapti va bajarishni ham xohlamayapti. Parlament a’zolari amaldorlarning o‘zlari tuzgan budjetga itoatkorona ovoz berishadi. Mustaqil OAV va blogerlar bu “davlat pullari” qanday sarflanayotgani haqida biror narsa bilishga uringanlarida, “avval soliqlaringni to‘la, keyin so‘raysan” kabi qo‘pol javoblarni olishyapti.

Endi O‘zbekiston aholisi soliq to‘lashdan “qochishi” haqida. Hozir sizlarga bir dahshatli sirni ochaman: hech kim soliq to‘lashni yoqtirmaydi. Hech kim. Na amerikaliklar, na fransuzlar, na yaponlar, na kongoliklar va na argentinaliklar. Shunday bo‘lsa-da, kimdir to‘laydi, kimdir esa to‘lamaydi. Bu nimalarga bog‘liq? Ikki narsaga bog‘liq. Birinchisi, soliqlarning to‘lashga osonligi (ularni to‘lab ham tirikchilik qilish, ham raqobatbardosh biznesni yuritish imkoniyati borligi). Ikkinchisi, soliq-budjet yukining adolatliligi (barcha bir xil soliq to‘laydi, mamlakat fuqarolari esa davlat xarajatlarini parlament, OAV va sud tizimi orqali, shuningdek referendumlar hamda saylovlar vositasida nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi).

O‘zbekistonda, darhaqiqat, soliqlar kam to‘lanadi. Bizda ulkan yashirin iqtisodiyot mavjud. Lekin nima sababdan? Buning sababi shundaki, rasmiy sektor mehnatga layoqatli aholining atigi 30 foizini ish o‘rinlari bilan ta’minlaydi, bu ish o‘rinlarining katta qismini esa davlat sektori yaratadi. Qolgan 70 foiz mehnatga layoqatli aholi-chi? Ular yo norasmiy sektorda ishlaydi, yo mardikorlik qilish uchun chet elga ketadi yoki umuman ishlamaydi.

Biroq, nima sababdan bozor iqtisodiyotida bandlikning asosiy manbai hisoblangan xususiy sektor mamlakatimizda yetarlicha ish o‘rinlarini yaratmayapti? Buning sababi shuki, bizda haqiqiy bozor iqtisodiyoti mavjud emas. Sovet davrida bo‘lgani kabi, asosiy iqtisodiy qarorlarni bozor ko‘rsatkichlariga asoslangan holda xususiy tadbirkorlar emas, balki amaldorlar qabul qilmoqda.

O‘zbekistonda deyarli barcha yirik korxonalar va banklar davlat tasarrufida bo‘lib, YaIMning yarmidan ko‘pi davlat sektorida yaratiladi. Bundan tashqari, YaIMning 40 foizdan ortig‘ini aholi va tadbirkorlar emas, balki amaldorlar sarflaydi. Ular bank kreditlarining salmoqli qismini boshqarib, ularni korxonalar o‘rtasida taqsimlaydi. Shuningdek, ular davlat korxonalari va imtiyozli tashkilotlarga ko‘plab subsidiyalar taqdim etadi.

Davlat xaridlari YaIMning 40 foizidan ko‘progʻiga to‘g‘ri keladi! Bu kambag‘al iqtisodiyot uchun tasavvur qilib bo‘lmaydigan raqam. Nima uchun? Chunki bunday ulkan xarajatlarning natijasida iqtisodiyot va xususiy biznesga katta miqdorda soliq va qarz yuklanadi. Shu sababli ular raqobatbardoshlikni yo‘qotadi. Natijada tadbirkorlar o‘z bizneslarini yopishga yoki yashirin iqtisodiyotga o‘tishga majbur bo‘lishadi. Bundan tashqari, ular amaldorlardan imtiyozlar-u subsidiyalar oladigan davlat va tanish-bilishchilik korxonalari bilan raqobatlasha olmaganlari uchun ham yashirin faoliyatga o‘tib ketishmoqda. Davlatning iqtisodiyotga haddan tashqari aralashuvi, davlat xarajatlarining juda yuqori darajasi, shuningdek, amaldorlarimiz ustidan nazoratning yo‘qligi – korrupsiya va “davlat pullari”ni sovurishning aql bovar qilmas darajaga yetishiga olib keldi.

Iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lishi va tadbirkorlar soliqlarni faol to‘lashni boshlashi uchun amaldorlarni iqtisodiyotdan chetlatish hamda davlat xarajatlarini kamida ikki baravarga qisqartirish lozim. Bundan tashqari, amaldorlar faoliyatini qat’iy jamoatchilik nazorati ostiga olish zarur. Bu mamlakatimizda zamonaviy bozor iqtisodiyotini yaratishning yagona mumkin bo‘lgan yo‘lidir. Boshqa imkoniyatlar mavjud emas.

Yo davlat iqtisodiy idoralarining aksariyatini tugatamiz (ular YaIMning 40 foizini sarflaydi, tartibsiz imtiyozlar beradi va raqobatni buzadigan biznes to‘siqlarini yaratadi), soliq-budjet yukini ikki barobar kamaytіramiz, davlat korxonalari va banklarning ko‘p qismini xususiylashtіramiz. Yo kambag‘al mamlakat bo‘lib qolaveramiz. Tanlash vaqti keldi

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.