Rafiqasiga ishlashni taqiqlagan erlarga ma’muriy qamoq jazosi belgilanganmi?

Улашиш:

Telegram messenjeridagi kanallarda tarqalgan xabarga ko‘ra, erning xotiniga ishlashni taqiqlashi qamoq jazosiga olib kelishi mumkin ekan. Bu xabarning qonunchiligimizga qanchalik mos yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rdik.

HUKM: ROST

O‘zbekiston Respublikasining “Oila kodeksi” er va xotinning kasb tanlash erkinligini kafolatlovchi asosiy hujjatdir. Kodeksning 22-moddasida quyidagilar keltirilgan:

  • Er va xotinning har biri mashg‘ulot turi, kasb va turish hamda yashash joyini tanlashda erklidir.

“Mehnat kodeksi”ning 5-moddasi ham mehnat qilish va tanlov erkinligini himoya qiladi

  • Mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Qamoqqa olishni nazarda tutuvchi holat “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 592-moddasidan kelib chiqadi. Ushbu moddada er xotinining mehnat huquqini buzishi ham oilaviy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi sifatida keltirilgan:

  • Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, — bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 10 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksi”ning 1261-moddasiga asosan yuqoridagi holatlar takroran sodir etilishi majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishga ham sabab bo‘lishi mumkin:

  • Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Xotin-qizlarning ishlash erkinligini cheklash ularning jamiyatdagi ishtiroki va erkaklar bilan teng huquqliligi kafolatlariga ziddir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida quyidagilar keltirilgan:

  • Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. 

Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi.

“Oila kodeksi”ning 2-moddasi ham teng huquqlilikni mustahkamlashni nazarda tutadi. Xotin-qizlarning ishlash erkinligining cheklanishi konstitutsiyaviy erk va huquqlarni cheklash deya malakalanib (“Jinoyat kodeksi”, 141-modda), quyidagi jazolarga ham sabab bo‘lishi mumkin:

  • Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.