Gazlangan anorli ichimliklari Qirgʻizistonda taqiqlandimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda Qirgʻizistonning O‘sh shahridagi do‘konlarda Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan “Golden Life” nomli anorli gazlangan ichimlikning sotilishi taqiqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, ushbu ichimlikning tarkibida Azorubin E122 moddasi mavjud bo‘lib, u sogʻliq uchun zarar ekanligi, ayniqsa, bolalarga jiddiy ta’sir qilishi ta’kidlangan. Boshqa bir rasmiy nashrda esa, “Royal” nomli anor ichimliklari ham o‘ta xavfli deya xabar berilmoqda

Ma’lumki, afgʻon anorli suvlari O‘zbekistonda ham keng iste’mol qilinmoqda. Nafaqat “Golden Life”, balki shu toifadagi “Royal”, “Party”, “Shafa” va “Paradise” nomi ostidagi anorli ichimliklar ham ommaviy iste’mol qilib kelmoqda. Factcheknet.uz anorli gazlangan ichimliklar atrofida tarqalayotgan da’volarni to‘plab, tahlil qilishga qaror qildi.

HUKM: ROST

Taqiqlash sabablari

Dastlab, rasmiy manbaga havola berilmagani sabab bu xabarlar shubhali ko‘rindi. Biroq manbalarni tekshirish O‘sh shahar hokimligining matbuot xizmati rostdan shu mazmundagi xabar e’lon qilganini ko‘rsatdi. Unda aytilishicha, Qirgʻiziston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati departamenti buyrugʻiga asosan Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan “Golden Life” (“Золотая жизнь”) savdo belgisi ostidagi alkogolsiz anorli gazlangan ichimliklarini O‘sh shahri savdo nuqtalaridan yigʻishtirib olish ishlari boshlangan. Shuningdek, savdo tarmoqlari rahbarlariga yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotni sotishni taqiqlash to‘gʻrisida tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Bunga asos sifatida ichimlik tarkibida Azorubin E122 bo‘yogʻi mavjudligi ko‘rsatilmoqda. Ma’lum qilinishicha, bu modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tamiz, hozircha faqat Qirgʻizistonda “Golden Life” ichimligida Azorubin E122 aniqlangani ma’lum, xabarlarda aytilganidek, “Royal” ichimligiga bu holat tegishli emas va videolarda keltirilgan “o‘ta xavfli” sifatiga asos yo‘q. 

Azorubin E122 nima?

Azorubin E122 — oziq-ovqat va kosmetika sanoatida keng qo‘llaniladigan sintetik qizil bo‘yoqdir. U qizdirilgan va fermentlangan mahsulotlar, jumladan, murabbo, jele, shirinliklar, qandolat mahsulotlari va ichimliklarda ishlatiladi. Azorubin E122 yorqin qizil rangi sabab ko‘plab mahsulotlarda ishlatiladi.

Azorubin E122’ning xavfsizligi bo‘yicha qarama-qarshi fikrlar

Azorubin E122 Yevropa Ittifoqida ruxsat etilgan modda hisoblanadi, ammo mahsulotlarda uning mavjudligi haqida ogohlantiruvchi ma’lumotlar bo‘lishi talab etiladi. Bu ogohlantirish iste’molchilarni, ayniqsa, bolalarni ehtimoliy salbiy ta’sirlardan ogohlantirishga qaratilgan. 

Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi (EFSA) belgilagan me’yorga ko‘ra, Azorubin E122 bo‘yoq moddasini kunlik iste’mol qilishning xavfsiz chegarasi har bir kg vazn uchun 4 mg ni tashkil qiladi. Masalan, 50 kg vaznli odam uchun kunlik me’yor 200 mg (50 kg x 4 mg/kg) bo‘ladi.

AQSH, Yaponiya, Norvegiya va Shvetsiya davlatlarida esa Azorubin E122 sogʻliqqa salbiy ta’siri sababli taqiqlangan. Bu mamlakatlardagi regulyatorlar azorubinning xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotlar natijalariga asoslanib, uning qo‘llanilishini cheklashga qaror qilgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) esa azorubinni taqiqlamay,  kunlik iste’mol qilish me’yorini belgilab bergan, u Yevropa Ittifoqi normasi bilan teng (0-4 mg/kg tana vazniga). Shu miqdorda azorubinni iste’mol qilinishi xavfsiz deb hisoblangan.

Azorubin E122’ning salomatlik uchun aniqlangan salbiy ta’sirlari

  • Allergik reaksiyalar: ba’zi odamlar azorubinga nisbatan sezgir bo‘lib, u allergik reaksiyalar, teri toshmasi yoki astmani keltirib chiqarishi mumkin. Alomatlar toshmalar va nafas olish muammolarini o‘z ichiga oladi. 
  • Bolalardagi giperaktivlik: ba’zi tadqiqotlar azorubinni bolalardagi giperaktivlik va diqqat buzilishi (ADHD) bilan bogʻlaydi. Bu tadqiqotlar natijalari hali to‘liq tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, azorubin saqlovchi mahsulotlarni bolalar iste’molidan cheklash tavsiya etiladi.
  • Saraton kasalligi xavfi: hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda azo bo‘yoqlar, jumladan, azorubin saraton kasalligini keltirib chiqarishi yoki jigar-buyrak kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor. Biroq bu da’volarni tasdiqlovchi tadqiqot va dalillar yetarli darajda emas, deb qaraladi.

Ba’zi olimlar Azorubin E122’ning xavfsizligi haqida shubha bildirgan va uni oziq-ovqat mahsulotlaridan chiqarib tashlashni tavsiya etadi. Boshqa olimlar esa, belgilangan miqdorlarda ishlatilganda, bu bo‘yoqning xavfi juda past ekanligini ta’kidlashgan. Butkul xavfsiz ekanligini da’vo qiluvchi izlanishlar mavjud emas. 

Qirgʻiziston qonunchiligi

“2019-2023-yillarda Qirg‘iziston Respublikasida oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish” dasturiga ko‘ra, chet eldan oziq-ovqat hamda ichimliklar olib kirishda xavfsizlik, sifat va yorliqqa e’tibor berish lozim. “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga asosan esa, ichimliklar inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi, sifat standartlariga javob berishi va qadoqlarida mahsulot haqidagi barcha zarur ma’lumotlar to‘liq va to‘gʻri ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. 

Mamlakatda aynan Azorubin E122 bo‘yicha alohida qonun mavjud emas, lekin oziq-ovqat qo‘shimchalari sanitariya-epidemiologik nazorat organlari tomonidan tekshiriladi va xavfli deb topilgan hollarda mahsulotlar olib qo‘yilishi mumkin. 

Shuningdek, mamlakatda Azorubin E122 maktab yoshidagi bolalar uchun zararli deb belgilangan

O‘zbekiston qonunchiligi

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida Azorubin E122 moddasining xavfsiz me’yorlarini belgilash boʻyicha aniq maʼlumotlar ochiq manbalarda keltirilmagan. Ammo Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-iyuldagi 490-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi to‘gʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘gʻrisida”gi texnik reglamentga asosan, oziq-ovqat mahsulotlarida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boʻyoq moddalari roʻyxati keltirilgan. Ushbu roʻyxatda Azorubin E122 moddasi ham mavjud. 

Qarorning 36-bandida quyidagilar keltirilgan

  • Tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E104 sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AS E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak. 

Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda Azorubin E122 moddasi taqiqlanmagan, ammo iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida bunday mahsulotlarda azorubinning mavjudligi haqida majburiy ogohlantirish yozuvlari qo‘yilishi shart.

Shuningdek, anorli gazlangan ichimliklar haqidagi xabarlarga O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi o‘z munosabatini bildirgan. Unga ko‘ra, hozirgacha anorli ichimliklarning har bir partiyasi tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, so‘ng keltirilgan mahsulot partiyasiga sanitariya-epidemiologik xulosalar berilgan. Ichimliklar tarkibida zaxarli yoki inson salomatligiga zarar keltiruvchi moddalar aniqlanmagani, Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan “Anor” ta’mli maxsulotlardan qayta namunalar olinib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borilayotgani takidlangan.

Xulosa

Azorubin E122 bo‘yogʻining xavfsizligi bo‘yicha yuqorida keltirganimizdek, ilmiy jamoatchilik va davlatlar yondashuvi turlicha. Ba’zi mamlakatlar uni taqiqlagan bo‘lsa, boshqalari qat’iy nazorat ostida me’yorlarga asoslanib ishlatishga ruxsat bergan.

Iste’molchi sifatida, sotib olayotgan mahsulotlar tarkibiga e’tibor berish ahamiyatlidir.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.