Bodring suyakni mustahkamlaydimi?

Улашиш:

Telegram kanallarda bodringni suyak salomatligi uchun foydali ekanligi, uning tarkibidagi K vitamini kunlik zaruratning deyarli yarmini qoplashi, shuningdek, o‘pkani ham tozalashi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ushbu maqolada bu da’volarni tekshirib ko‘rdik.

HUKM: ROST

K vitamini suyak metabolizmida muhim rol o‘ynaydi. U osteokalsin (suyak oqsili)ning karboksilizatsiyasida ishtirok etadi, bu esa suyaklarini mustahkam va sog‘lom saqlashga yordam beradi. Shuningdek, K vitamini osteoporoz (suyak murtligi) va suyak sinishlarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, organizmda K vitamini tanqisligi suyaklarning zaiflashuviga olib kelish ehtimoli bor.

Bodringdagi K vitamini miqdori

Bir dona o‘rtacha kattalikdagi bodring (taxminan 100 gramm) pusti bilan hisoblaganda 16.4 mikrogramdan 32.2 mikrogramgacha K vitamini o‘z ichiga olishi mumkin. Yirikroq bodring bo‘lsa (200-400 gramm), tarkibida 49.4 mikrogramgacha K vitaminini bo‘lib, bu K vitaminiga bo‘lgan kunlik talabni 41% ga qoplashga imkon beradi.

Bodringni qayta ishlashning K vitamini miqdoriga ta’siri

Agar iste’mol qilinayotgan bodring qayta ishlangan (tuzlangan, quritilgan va h.k.) bo‘lsa, undagi K vitamini miqdori kamayadi, chunki K vitamini suvda eruvchi vitamindir va qayta ishlash jarayonida yo‘qolishi mumkin.

K vitaminining kunlik me’yori

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSH Milliy Sog‘liqni Saqlash Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, kattalar uchun tavsiya etilgan kunlik K vitamini miqdori taxminan 90-120 mkg ni tashkil etadi. K vitaminining tavsiya etilgan kunlik iste’mol miqdori yoshga qarab o‘zgarib, chaqaloqlar uchun 2-2.5 mkg dan, bolalar va o‘smirlar uchun 30-75 mkg gacha, kattalar uchun esa ayollarga 90 mkg va erkaklarga 120 mkg ni tashkil qiladi

Agar bir dona bodringda 16.4-32.2 mkg K vitamini mavjud bo‘lsa, bu kunlik qiymatning taxminan 18.2-26.8 % gacha bo‘lgan qismini qoplaydi. 

Bodringni o‘pka salomatligiga ta’siri

Bodringning o‘pka faoliyatiga bevosita ta’siriga oid ilmiy dalillar mavjud emas. Ammo, K vitamini antioksidant xususiyatlarga (hujayralarni himoya qilish) ega va shu tariqa umumiy salomatlikka, shu jumladan o‘pka salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shunigdek, bodring tarkibi 95 % suvdan iborat bo‘lib, bu uni tabiiy gidratlanish manbasiga aylantiradi. Suv tarkibi yuqori bo‘lgan oziq-ovqatlar organizmning suv balansiga yordam beradi. 

K vitamini eng ko‘p uchraydigan oziq-ovqatlar:

  • Ismaloq (yarim stakan pishgan) – 444 mkg K1 vitamini
  • Brokkoli karami (yarim stakan pishgan) – 220 mkg K1 vitamini
  • Bryussel karami (yarim stakan pishgan) – 156 mkg K1 vitamini
  • Tovuq jigari (85 gramm pishgan) – 106 mkg K2 vitamini
  • Kivi (bitta oʻrtacha) – 53 mkg K1 vitamini
  • Quritilgan oʻrik (yarim stakan) – 46 mkg K1 vitamini

Suyak mustahkamligi va salomatligi uchun zarur bo‘lgan 5 ta asosiy vitamin:

  • D vitamini: Kalsiyning ichakda so‘rilishini yaxshilaydi va suyak mineralizatsiyasi uchun muhimdir;
  • K vitamini: Suyak oqsillarini faollashtiradi va suyak zichligini oshirishga yordam beradi;
  • Kalsiy: Suyaklarning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, ularning mustahkamligi va zichligi uchun zarur;
  • Magniy: Suyak mineral zichligiga hissa qo‘shadi va suyak hujayralarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi;
  • Fosfor: Kalsiy bilan birgalikda suyaklar va tishlarning shakllanishi va mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi.

Bu vitaminlarni yetarli miqdorda iste’mol qilish suyak sifatini saqlash, osteoporoz va boshqa suyak kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Bodringni ratsionga qo‘shish orqali K vitaminini olish va suyak salomatligini yaxshilashga xissa qo‘shish mumkin. Ammo, sog‘lom ovqatlanish rejasida suyak mustahkamligi uchun boshqa vitaminlar ham bo‘lishi zarur, K vitamini esa bodringdan boshqa oziq-ovqatlarda ham topish mumkin.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.