“Tashabbusli budjet”: o‘zgartirilgan yana bir loyiha

Улашиш:

Factchecknet.uz “Tashabbusli budjet” loyihasi bilan bog‘liq muammoli keyslarni o‘rganishda davom etadi. Bu gal Farg‘ona viloyatining Quva tumanida bo‘lib,  odamlar ovoz bergan, ishonch bildirgan, ammo sifatsiz bajarilgan loyihalardan birini o‘rgandik.
“Mening yo‘lim” dasturining 2022-yil 1-mavsumida Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi “Sho‘rmahalla” ko‘chasida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash tashabbusi g‘olib chiqdi. Openbudget.uz veb-saytida tashabbus uchun 1 milliard 650 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilganligi ko‘rsatiladi.

Ushbu loyiha tashabbuskori Azizullo Adhamjonov loyiha ijrosini qizil rag bilan belgilab, shunday izoh qoldirgan

“Assalomu alaykum, 2022-yilda “Mening yolim” bahorgi mavsumida ID 1490500010 raqamli loyiha g‘olib deb topilgan edi. Loyiha smetasiga ko‘ra, 9800 kv metr asfaltlash ishlari olib borilishi kerak edi. Lekin pudratchi tashkilot tomonidan 8800 kv metr asfaltlash ishlari olib borildi. Bu bo‘yicha 2022-yil dekabr oyida ham murojaat qoldirgan edim. Murojaatimdan so‘ng kunlar isishi bilan qolib ketgan 1000 kv asfaltlash ishlari qilib berilishi aytilgan, lekin bugun 2023-yil noyabr bo‘lishiga qaramasdan, hali ham asfaltlash ishlari amalga oshirilmadi. Ushbu ishni tezroq yakunlab berishlarini nazoratga olishingizni so‘rayman”.

Openbudget.uz veb-saytida loyiha bilan bog‘liq ma’lumotlar chala to‘ldirilgan.

openbudget.uz saytidan ekran tasviri

Loyiha uchun ochilgan sahifada u bilan bog‘liq asosiy ma’lumotlar, xususan, loyiha smeta hujjatlari, loyihachi va pudratchi ma’lumotlari keltirilmagan. Lot raqami, loyiha IDsi va buyurtmachi STIRi kabi ma’lumotlar orqali ham loyiha bilan bog‘liq hujjatlarni tender ma’lumotlaridan topishning imkoni yo‘q. Ma’lumotlar xato kiritilgan yoki o‘chirib yuborilgan, degan taxminimiz bor. Asoslantiruvchi hujjat sifatida kiritilgan ma’lumotlar 2023-yilgi “Tashabbusli budjet” bilan aloqador

openbudget.uz saytidan ekran tasviri

Biz bilan suhbatlashgan tashabbuskor Azizullo Adhamjonovga ko‘ra, loyiha doirasida eni 3,5 metr bo‘lgan jami salkam 3 km uzunlikdagi ko‘chani asfaltlash belgilangan. Tashabbus ilgari surilgan “Katta Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘inida ikki ko‘cha: Sho‘rmahalla va Mehnatobod ko‘chalari o‘tgan. Loyiha uchun to‘plangan 9685 ovoz “Sho‘rmahalla” ko‘chasi aholisi tomonidan yig‘ilgani bois loyihaga faqat shu ko‘chani asfaltlash kiritilgan. Biroq, tashabbusga ko‘ra, ikkinchi “Mehnatobod” ko‘chasi aholisi o‘z ko‘chalarini asfaltlashni talab qilib, viloyat hokimigacha arz qilib chiqishgan. Vaziyatni yumshatish uchun mahalla raisi va boshqa mas’ullar kelishib, “Sho‘rmahalla”ing 300 metr asfaltini “Mehnatobod”ga olib berishgan.

“Ta’mirlash ishlari yakunlangach, pudratchi mening yonimga kelib, kerakli hujjatlarga qo‘l qo‘yib berishimni so‘radi, lekin men loyiha doirasida ishlar oxirigacha bajarilmagani uchun qo‘l qo‘ymadim, shundan keyin pudratchi yonimga qaytib kelmadi”, — deydi tashabbuskor.

Asfalt qilinmay qolgan bolalar bog‘chasi yonidan o‘tgan ko‘cha

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, imzolar soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinmi? Sababi, shu kabi holat “Tashabbusli budjet” bilan bog‘liq boshqa loyihalarda ham kuzatilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek, “Tashabbusli budjet” uchun tasdiqlangan mablag‘lar jadvalida “Mening yo‘lim”ning 2022-yil 1-mavsumida Quva tumani uchun 1 mlrd 95 mln so‘m ajratilganligi ko‘rsatilgan. Bu biz yuqorida keltirgan raqamlardan farq qiladi.
Tashabbuskorga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” 2024-yil 1-mavsumda yuqoridagi bog‘cha ko‘cha ta’mirini o‘z ichiga olgan boshqa bir tashabbus g‘olib chiqqan. Haqiqatan ham, openbudget.uz veb-sayti tekshirib ko‘rilganda, bu gap o‘z tasdig‘ini topadi.  Loyiha 1 mlrd 360 mln so‘m yutib olgan.

Tashabbuskor ham, qishloq aholisi ham biz tomonimizdan mavzuning yoritilishiga xayrixohlik bildirmadi, sababi 2 yil oldin ta’mirlanmay qolib ketgan ko‘cha va nihoyat ta’mirlanish arafasida va ular qandaydir muammolarni xohlashmayapti.

Biroq yuqoridagi vaziyatdan oydinlashadiki, ayni ko‘chani ta’mirlash uchun davlat budjetidan 2 marta mablag‘ ajratilyapti. Bundan tashqari, bu holatda “Tashabbusli budjet” shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi — tasdiqlangan loyiha, smeta hujjatlariga o‘zgartirish kiritilganini kuzatish mumkin. 

Saytimizda shunga o‘xshash holat — loyiha shartlarining o‘zgartirilishi muammosi ko‘tarilgan yana bir material taqdim etgan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi e’tiboriga bir qancha savollarni taqdim etamiz:

  1. Bir xil vazifa uchun davlat budjetidan ikki marta pul olinishiga yo‘l qo‘yish nimani anglatadi? 
  2. “Tashabbusli budjet”da ilgari surilgan loyihalarning tasdiqlangan hujjatlarini o‘zgartirish holatlari jiddiy javobgarlikka tortilish uchun sabab bo‘lishi kerak emasmi?

Tegishli idoralardan shu va shu kabi “Tashabbusli budjet” bilan bog‘liq “o‘yin”larga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz. Factchecknet.uz budjet mablag‘lari sarfi bilan bog‘liq shu kabi holatlarni tekshirishda davom etadi.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.