Oilaviy zoʻravonlik uchun javobgarlik bormi?

Улашиш:

Telegram kanallarida “xotinini ota-onasinikiga, dugonalari bilan “gap”larga yubormagan erkak 15 sutkagacha qamalishi mumkin” mazmunidagi xabarlar  tarqalmoqda.  Xabar mazmuniga ko‘ra, ushbu holat oilaviy zoʻravonlik deb baholangan hamda bu kabi holatlar uchun javobgarlik borligi aytilgan.  

Factchecknet.uz mavjud maʼlumotlarni oʻrgandi.

HUKM: ROST

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oilaviy zoʻravonlikka qarshi bir nechta muhim qonun va chora-tadbirlar mavjud. Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 59-2-moddasida Oilaviy zo‘ravonlik xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish kabi holatlar uchun javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish

  • bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki qasddan badanga yengil shikast yetkazish

  • bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ushbu holatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etiladigan boʻlsa, Jinoyat kodeksining 126-1-moddasida jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish kabi holatlar maʼmuriy javobgarlikka tortilgandan soʻng takroran sodir etilsa, 

  • bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shuningdek, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni  6 kundan ortiq, ammo 21 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish

  • bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 70 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, hayot uchun xavfli bo‘lmagan lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida 21 kun, ammo 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10% dan 33% gacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish

  • 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 gacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2023-yilda (amalga kiritilgan kundan boshlab) Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan 203 nafar shaxs sudlanib, ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 144 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 59-2-moddasi bilan 8 928 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 5 229 nafariga jarima jazosi3 699 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.

Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasida oilaviy zoʻravonlikka qarshi bir nechta muhim chora-tadbirlar mavjud:

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikni kamaytirish va gender tengligini taʼminlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda reabilitatsiya markazlari tashkil qilinmoqda.

Shu bilan birga, mahalliy darajada zoʻravonlik holatlarini tekshirish va ularga qarshi tezkor choralar koʻrish tizimlari ham joriy etilgan.

Biroq, hali ham baʼzi hududlarda ayollar zoʻravonlikka uchragan holatlarda yordam soʻrashdan qoʻrqishadi. Bu esa muammoning chuqurlashishiga olib keladi. 

Bu chora-tadbirlar va qonunlar xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida muhim rol oʻynaydi, lekin ularga toʻliq amal qilish va ijtimoiy ongni oshirish hali ham muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.