Notcoinchilar qamaladimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda hamda Telegram’ kanallarida endilikda Oʻzbekistonda Notcoin sotib oladigan va sotadiganlar qidirilayotgani mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. “Notcoin sotganlar hamda sotib olganlar uchun 15 sutkagacha qamoq muddati beriladi yoki BHM 20 dan 30 barobari (10 200 000 soʻm) gacha jarima solinishi mumkin, smartfon, bank karta va kriptolar musodara qilinadi”- deyiladi xabarlarda. Shuningdek Notcoin sotgan talaba 10 sutkaga qamalgani haqidagi xabarlar ham jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Factchecknet.uz ushbu xabarlar qanchalik asosliligini tekshirdi.

HUKM: ROST

Yaqin kunlarda Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisiga nisbatan Notcoin sotgani uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi. U kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor deb topilgan. Sud majlisida  I.N. soʻroq qilinganda aybini tan olib, kripto-aktivni Telegram ijtimoiy tarmog‘ida yig‘ganini, notkoinni 800 ming so‘mga sotganini hamda buning noqonuniy ekanini bilmaganini aytib o‘tgan.
Ushbu holat keng jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Shuningdek bu voqea chet davlatlarda ham keskin muhokamalarga sabab boʻldi. ( 123 )

Bu holat kripto-aktivlarga oid yangiliklarni yoritib boruvchi Web3_Vibes sahifasida eʼlon qilingandan soʻng Notcoin rasmiy sahifasi postga izoh qoldirdi. Izohda talaba yigitni qayerdan topish mumkinligini soʻrab, telefoni hamda bank kartasi musodara qilingan talabaga iPhone sovgʻa qilishini aytgan. 

Izohga javoban Web3_Vibes, Notcoin jamoasini Oʻzbekistondagi kripto-aktivlarni noqonuniy sotish uchun belgilangan javobgarlik haqida ogohlantirgan.

Notcoin bilan savdo qilishda qanday jazo turlari qo‘llaniladi?

Maʼmuriy javobgarlik kodeksiga yanvar oyida qo‘shilgan va joriy yilning aprel oyida kuchga kirgan 155−4-modda mavjud. Unga asosan, kripto-aktivlarni noqonuniy egallash, sotish yoki almashtirish bilan bog‘liq javobgarlik mavjud. Unda 15 sutkagacha qamoqqa olish yoki BHMning 20 dan 30 baravarigacha (6,8−10,2 mln so‘m) jarima solish nazarda tutilgan.

Shuningdek ushbu holat mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan ( 10 mln 200 ming soʻm) 40 baravarigacha (13 mln 600 ming soʻm) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoiy javobgarlik kodeksining 278-modda 8-bandida belgilangan tartibga koʻra, litsenziya olmasdan kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish kabi harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ushbu faoliyat qayta sodir etilsa quyidagi tartibda jazo qo´llaniladi:

  • bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha ( 34 mln soʻm) jarima
  • 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Ushbu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa:

  • bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan ( 102 mln soʻm) 400 baravarigacha ( 136 mln soʻm) jarima 
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan shaxslar javobgarlikka tortilmaydi.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.