Haqorat qilganlik uchun javobgarlik bormi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qilganlik hamda tahqirlovchi, buzuq soʻzlar bilan soʻkish  jarimaga sabab boʻlishi aytilgan xabarlar tarqaldi.

Factchecknet.uz xabarda keltirilgan faktlar qanchalik asosliligini tekshirdi.

HUKM: ROST

Haqorat qilganlik – shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasida haqorat qilgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (6 mln 800 ming soʻmdan 13 mln 600 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Jinoyat kodeksining 140-moddasiga koʻra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha (68 mln soʻm) miqdorda jarima yoki 10 kungacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shuningdek, kishini ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha (68 mln soʻmdan 136 mln soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 10 kundan 12 kungacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar haqorat qilish:

  •  jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;
  •  xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa, 

bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha (136 mln soʻmdan 204 mln soʻmgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.