Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, “Agar “GAI” xodimi sizni to‘xtatsa va yoningizga kelishga shoshilmayotgan bo‘lsa, sizning 3 daqiqadan ortiq kutmaslikka huquqingiz bor”. Hujjatlarni tekshirish yoki jarima rasmiylashtirish uchun “GAI” xodimi sizni 20 daqiqadan ko‘p ushlab turishga haqli emas, deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz nashri ushbu xabarni tekshirdi.
HUKM: YOLG‘ON
Nima uchun bu ma’lumot yolg‘onligini asoslovchi qator me’yorlar bor. O‘zbekiston onlayn qonunchilik bazasi — Lex.uz saytida Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining fuqarolarni to‘xtatib turish vaqtiga oid aniq cheklovlar yoki 3 daqiqa kutilishi kabi qoidalar aks etgan hujjatlar topilmadi. Ko‘rib chiqilgan yo‘l harakati qoidalari va yo‘l-patrul xizmati xodimlarining faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarda (1, 2, 3) bunday aniq vaqt chegaralari ko‘rsatilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 975-son qarori yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan munosabatlari va maxsus moslamalardan foydalanish tartibini belgilaydi. Quyida aniq qoidalar keltirilgan:
- Yo‘l-patrul xizmati xodimlari fuqarolarni to‘xtatganda o‘zini tanishtirishi, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi kerak;
- Xodimlar fuqarolarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari talab qilinadi;
- Radar, foto va video qayd etish uskunalari, alkotester va narkotester kabi moslamalar maxsus dislokatsiyalar asosida qo‘llaniladi va qonuniy tartibda tekshiruvdan o‘tgan bo‘lishi shart;
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan YHXX axborot xizmati vakili Dilnoza Redjabova ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.