Qaysi mineral suv ichishga yaroqsiz deb topilgan?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Nestlé kompaniyasi bir necha yil davomida ichishga yaroqsiz suv sotib kelgan. Xabarda aytilishicha, Fransiyadagi mineral suv manbalari najas, bakteriyalar va pestitsidlar bilan ifloslangan. Go‘yoki, Nestlé bu suvni noqonuniy ravishda filtrlab, butun dunyo bo‘ylab “tabiiy mineral suv” sifatida sotgan.

HUKM: QISMAN ROST

Fransiya nashriga ko‘ra, mart oyi o‘rtalarida Nestlé kompaniyasi Fransiyaning janubidagi Gard hududidagi quduqlardan birida suv sifati yomonlashganini aniqladi. Bu holat Monika bo‘ronidan so‘ng yuzaga kelgan va kuchli yomg‘irlardan keyin sodir bo‘lgan “bir martalik mikrobiologik og‘ish” edi. Natijada, “Nestlé Perrier” (kompaniyaga tegishli brend) shisha suvini ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatdi va sotuvga chiqarilgan mahsulotning bir qismini yo‘q qildi.

Biroq, 2023-yil iyun oyida Fransiyaning mintaqaviy sog‘liqni saqlash agentliklari “Grand Est” va “Occitanie” xom suvning muntazam ifloslanishi va mikro ifloslantiruvchi moddalar mavjudligini aniqladi hamda filtrlash zavodida taqiqlangan muolajalar qo‘llanganini ma’lum qildi. Joriy yilning yanvar oyida Nestlé kompaniyasi, Vittel, Contrex va Hépar brendlariga egalik qilgan holda, ba’zi suv manbalarida sifatni saqlab qolish uchun ta’qiqlangan muolajalarni qo‘llaganini tan oldi.

“Radio France” va “Le Monde” jurnalistlari Fransiyadagi shisha suv mojarosi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor qilishdi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bu suv sog‘liq uchun xavf tug‘dirgan va Fransiya rasmiylari bu haqda bilishgan. Fransiyaning oziq-ovqat, atrof-muhit va mehnat salomatligi va xavfsizligi milliy agentligi (Anses) o‘tgan yilning oktyabr oyida hukumatni bu haqida ogohlantirgan. Agentlik o‘z hisobotida suv ichish uchun xavfsizmi yoki yo‘qligini so‘roq qilib, ifloslanishni, jumladan najas yoki Escherichia coli bakteriyalarini, ko‘pgina pestitsidlar va PFAS kabi boshqa ifloslantiruvchi moddalarni ko‘rsatdi. Agentlik ma’lum qilganidek, suv noqonuniy ravishda qayta ishlangan va uning tabiiy tarkibi o‘zgartirilgan. “Foodwatch” nashri ma’lumotiga ko‘ra, suv iste’molchilarga hech qanday ogohlantirishsiz sotilgan.
Nestlé kompaniyasining rasmiy saytida, “Perrier” brendi ostida ishlab chiqariladigan mineral suvlar hozirda ichishga yaroqli ekanligi va oziq-ovqat xavfsizligi hamda sifati kompaniya uchun ustuvor ekanligi aytilgan.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.