O‘zbekistonda BYD E2 Luxe sotuvi boshlandi

Улашиш:

Xetchbek narxi 236 mln so‘mdan boshlanib, bu Xitoy va kulrang dilerlardan sezilarli darajada yuqori.

O‘zbekistonda “BYD E2 Luxe” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi. Bu haqda Xitoy avtomobilsozlik kompaniyasining mamlakatdagi dilerlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Xetchbek narxi 236,6 mln so‘mdan (yoki Markaziy bank kursi bo‘yicha $18,71 ming) boshlanadi. Xarakteristikasi bilan havola orqali tanishish mumkin.

Mazkur elektromobil narxi Xitoydagi narxlarga qaraganda ancha yuqori. Bahorda ishlab chiqaruvchi “BYD E2 Glory Edition” narxini 13%ga — $12,5 ming (89,8 ming yuan)gacha pasaytirdi.

Avtoelon” va “OLX” mahalliy onlayn reklama platformalarida “BYD E2” xetchbeki Xitoydan elektromobilni olib kelish, QQS, qayta ishlash, sertifikatlashtirish va bojxona to‘lovlarini o‘z ichiga olgan holda 200 mln so‘mga (taxminan $16,5 ming) sotiladi.

“Xullas, yomon kutilmalar eng yomon variantda amalga oshdi. Hali bu boshlanishi xolos. Hozircha elektromobil olib-sotar chayqovchilar ertaga ishlab chiqarish tamg‘asi ostida „yig‘ishni“ boshlasa, chinovniklar orzu qilganidek, elektromobillar uchun notarif cheklovlarga qo‘shimcha yana bojlar ham kiritilsa, „E2“ narxi 2,5 yil avval xavotir olib yozganimizdek, $25 mingga ham boradi”, — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.

Prezident bilan uchrashuvda “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi.

Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Qo‘shma korxona o‘z hamkorlaridan “BYD Seagull” va “E2” avtomobillarining birinchi namunalarini sinov uchun olib, sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida “UzTest"ga topshirdi.

Yaqinda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qildi. Bu taklifni Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham qo‘llab-quvvatladi. Biroq iqtisodchilar hukumatni import o‘rnini bosish siyosatidan voz kechib, O‘zbekiston nisbatan ustunlikka ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga chaqirmoqda.

Avvalroq iyul oyida O‘zbekistonda avtomobillarga talab qariyb 19%ga oshgani haqida xabar berilgandi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.