Ijtimoiy tarmoqlarda elektromobillar saratonni keltirib chiqarishi haqida bahslar uchrab turadi. Telegramda tarqaldan videolardan birida muallif elektrokarlar saratonni keltirib chiqarmasligi haqida gapiradi.
Factchecknet.uz mavzuni o’rgandi.
HUKM: HUKMSIZ
Bu kabi mazmundagi xabarlar va savollar xorijiy ma’lumotlar bazalarida 10 yillar ilgari boshlangan: 1, 2, 3. O’zbekistonda elektromobillar paydo bo’lganiga ko’p vaqt bo’lmaganligi sababli, hududda bu mavzu hozirda aktual.
Elektromobillar va saraton o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlash uchun yetarli manbalar mavjud emas. Amerika Milliy saraton institutiga ko’ra, elektr va magnit maydonlar elektr tokining simlar orqali oqishi natijasida hosil bo’ladigan energiya shakllaridir. Ular ko’rinmas, lekin hamma joyda mavjud. Ba’zi odamlar ularning uzoq vaqt ta’sir qilishi saraton xavfini oshirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarini bildiradi, ammo ilmiy hamjamiyat hali ham bu potensial aloqani o‘rganmoqda.
Elektromagnit maydonlarning ikkita asosiy turi mavjud: past va o’rta chastotali hamda yuqori chastotali. Past va o’rta chastotali maydonlar turli manbalar, jumladan, elektr uzatish liniyalari, maishiy texnika va elektromobillar tomonidan chiqariladi. Rentgen nurlari kabi yuqori chastotali maydonlar sog’liq uchun nisbatan ko’proq xavf-xatarlarga ega, ammo bu masalada ular diqqat markazida emas.
Tadqiqotlar elektr uzatish liniyalari yaqinida yashash va bolalik davridagi leykemiya xavfi o’rtasida qisman bog’liqlik borligini ko’rsatadi. Misol uchun, bir tadqiqot natijalari shuni ko’rsatdiki, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan 200 metr masofada yashovchi bolalarda uzoqroqda yashaydiganlarga qaraganda leykemiyaga chalinish xavfi 69% ga yuqori. Biroq keyingi tadqiqotlar aralash xulosalar bergan, bu topilmalar yakuniy xulosalar bermaydi va umumiy xavf hali ham noaniqligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, elektromobillar past darajada elektromagnit maydon hosil qiladi. Masalan, turli xil sharoitlarda EMF ta’sirini o’lchaydigan tadqiqot shuni ko’rsatadiki, elektr avtomobillar tomonidan ishlab chiqarilgan magnit maydonlar odatdagi shahar muhitida uchraydigan fon darajasida. Shunga qaramay, elektromobillarning uzoq vaqt ta’sir qilishi sog’liq uchun xavf tug’dirishini aniqlash uchun doimiy tadqiqotlar talab etiladi.