Telegram kanallarida dunyodagi birinchi allergiyaga qarshi vaksina Rossiyada yaratildi degan mazmunda xabarlar tarqaldi. Yangi preparat yordamida allergiyaning eng mashhur turlarini bir nechta inyeksiyalar yordamida yo‘q qilish mumkin. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangach, vaksina tibbiyot muassasalariga yetkazilishi aytilgan.
Factchecknet.uz xabarda keltirilgan faktlarni qanchalik asosli ekanini tekshirdi.
HUKM: ROST
Sentyabr oyi oxirida rossiyalik immunologlar allergiyaga qarshi dunyodagi birinchi vaksinaning klinik sinovlarini boshlaydi. Bu haqda Federal Tibbiyot-biologiya agentligi (FMBA) rahbari Veronika Skvortsova ma’lum qilgan. Agentlikning Immunologiya instituti vaksina ishlab chiquvchilari yangi preparat yordamida allergiyani 3-5 inyeksiya yordamida yo‘q qilish mumkinligini va’da qilmoqda. Zamonaviy allergenga xos immunoterapiya uch yildan besh yilgacha davom etadi.
FMBA Immunologiya instituti olimlari Vena tibbiyot universitetidagi hamkasblari bilan birgalikda 2023-yilda qayin gulchanglari va shunga o‘xshash allergenlar (olma, shaftoli, yeryong‘oq, soya)ga nisbatan allergiyaga qarshi dunyodagi birinchi vaksina yaratilishini e’lon qilgandi.
2024-yil 12-avgust, dushanba kuni Federal Tibbiyot-biologiya agentligi (FMBA) rahbari Veronika Skvortsova vaksinaning klinik sinovlari sentabr oyi oxirida boshlanishini e’lon qildi. Birinchi dala mavsumi, ya’ni allergiya holati ko‘p uchraydigan aprel-may oylari “o‘z vaqtida” vaksinaning samaradorligi va xavfsizligini to‘liq tasdiqlashi mumkin. Preparat ommaviy muomalaga chiqarilgunga qadar to‘rt bosqichli klinik sinovlar o‘tkazilishi kerak. Birinchi bosqich: harakat mexanizmini sinab ko‘rish ikki oydan bir yilgacha davom etadi. Preparatning tolerantligi, farmakokinetik (organizmdagi kimyoviy va biologik jarayonlar: so‘rilishi, chiqarilishi, tarqalishi, metabolizmi) va farmakodinamik (preparatning organizmga ta’siri, uning kuchi va davomiyligi) parametrlari aniqlanadi.
Klinik sinovlar tugagandan so‘ng, vaksina Rossiya tibbiyot muassasalarida paydo bo‘lishi ko‘zda tutilgan.