Oʻzbekistontonlik talaba ozdiruvchi formula yaratdimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbekistonlik talaba qiz vazn yoʻqotishning inqilobiy usulini oʻylab topganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Ushbu xabar samarqandlik Maftuna ismli qizning biologik faol formula yaratgani va har oy 10-15 kg vazn yoʻqotganligi haqidagi toʻqima boʻlib, bu xabar Fatality faol moddasining web-saytiga olib boradi va u goʻyo diyetalarsiz va jismoniy mashqlarsiz ozdiruvchi dorini yaratgan.

Ushbu veb-resursda dorining taʼsirini namoyish qilish uchun turli ismlar va bir nechta mamlakatlardagi odamlarning tasodifiy fotosuratlaridan foydalanilgan.

“Maftuna yaratgan formula organizmga murakkab ta’sir ko‘rsatadi:

  • ishtahani kamaytiradi;
  • metabolizmni tiklaydi;
  • yog‘ni yo‘qotishga yordam beradi.

Maftuna formulasida leptinga qarshi kurash mavjud va bu sizning to‘qligingiz to‘g‘risida miyangizga signal yuboradi. Shu bilan birga, metabolizmni tezlashtirish uchun signallarni faollashtiradi”, – deya va’da qilinadi murojaatda.

HUKM : YOLGʻON

Factchecknet.uz Maftuna ismli qiz va u ishlab chiqqani toʻqima mahsulot haqida koʻproq maʼlumot olishga qaror qildi.

“Fatality – 100% tabiiy ekzotik mevalardan olingan konsentrat bo‘lib, unda toʻliq oʻsimlik yogʻ moddalari majmuasi mavjud. Unda bromelain (ananasda bo‘lib, muammo joyidagi yog‘ni yoqishni faollashtiradi) va L-karnitin (metabolizmni tezlashtiradi va ishtahani bloklaydi) ham bor. Fatalityning testida ishtirok etganlarga har qanday ovqat yeyishga ruxsat berildi. Ovqatlar soni yoki turida hech qanday cheklov yo‘q. Bundan tashqari, ular spirtli ichimliklar ichishlariga ham ruxsat berildi”, – deya maʼlumot berilgan dori veb-saytida.

Ushbu dorini sotish uchun faoliyat yuritayotgan veb-saytdan maʼlumot qidirish orqali dori AQSh diyetologlari tomonidan ishlab chiqilganiga, qiz hamda u tahsil olgan, faoliyat yuritgan joylar toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar koʻrsatilmaganiga guvoh boʻldik. Maqolada Fatality – ozdiruvchi biologik faol moddasini sotish targʻiboti uchun oʻzbek qizining bu dorini yaratish jarayoni toʻqilgan.

Dorining veb-rusursida berilgan reklama xususiyatiga ega materialda Maftuna bolaligida onasi unga koʻp shirinliklar pishirib berishi va semirib ketganligi natijasida, maktabga borishdan uyalib ozish maqsadida diyetolog boʻlishga qaror qilganligi va mana shu dorini yaratganligi, lekin bunga professor olimlar ishonmaganligi uchun labaratoriyaga kirgach tadqiqot oʻtkazib dorining kutilgan natijani bera olishini isbotlaganligi hikoya qilinib, odamlarni manipulyatsiya qilish jarayonini kuzatish mumkin.
Vazn yoʻqotish uchun sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish istalgan natijaga erishish uchun eng samarali yoʻldir.  Hushyor boʻling ijtimoiy tarmoqlardagi bu kabi yolgʻon vaʼdalarga ishonib, oʻz salomatligingizni yo‘qotmang.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.