Boshqarma boshlig‘i yolg‘on tarqatganlarni sudga bermoqchimi?

Улашиш:

Rost24.uz nashriga ko‘ra, firibgarlik va pora berishda gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zgatildi deyilgan Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i yolg‘on xabar tarqatganlarni sudga bermoqchi: lavozimga tayinlanganiga bir oy bo‘lgan Merey Omonboyeva firibgarlik va pora berishda gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani Kun.uz sayti tomonidan aytilgan edi. Xabarda u Navoiy shahar hokimi orqali yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgan deyiladi. Saytda aytilayotgan ma’lumotda Bosh prokuror matbuot kotibi ham holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan. 

Merey Omonboyevaning o‘zi Facebook sahifasida mavzuga aloqador xabar joylagan. Unda “Ijtimoiy tarmoqqa chiqarishdan oldin suhbat qiling. Asossiz chiqarmang. Sudlashib yurmaylik” deyiladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda asossiz yoki yolg‘on xabar tarqatganlik uchun ma’muriy va jinoyat javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatish, jumladan, Internetda yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha jarima solish bilan jazolanadi. Agar tarqatilgan yolg‘on axborot jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid solsa, jarima miqdori yuz baravarigacha oshirilishi mumkin.

Bir shaxsning obro‘sini tushirish maqsadida asossiz ma’lumotlar tarqatish uchun jazo choralari turlicha bo‘lib, bu jinoyatning og‘irligiga qarab belgilanadi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, agar tuhmat sifatida baholangan jinoyat birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa va avval ma’muriy jazo qo‘llanmagan bo‘lsa, jinoyatchiga eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima, uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari, yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin. Agar tuhmat nashr qilingan, masalan, gazeta yoki internet orqali tarqatilgan bo‘lsa, bu holatda jazo yanada og‘irlashadi va bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.