Oʻzbekistonda qizlarning telefon raqamlarini boshqalarga oshkor qilish 68 million soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Factchecknet.uz ushbu xabarlar qanchalik asosli ekanligini tekshirdi.
HUKM: ROST
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlariga nisbatan qilingan har qanday tajovuzlar uchun qonunchilikda jazo belgilangan. Unga koʻra, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, saqlash, o‘zgartirish, shuningdek ulardan foydalanish, tarqatish va yo‘q qilish kabi harakatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 46-2-moddasida javobgarlik belgilangan. Shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda, davlat reyestrida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash bazalarida fuqarolarga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik:
- fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (2 mln 380 ming soʻm),
- mansabdor shaxslarga esa — 50 baravari (17 mln soʻm) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-1 moddada ushbu holat jinoyat sifatida baholanib, javobgarlik belgilangan.
Unga koʻra:
- jinoyat sodir etgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan (17 mln soʻm) 100 baravarigacha (34 mln soʻm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlariga jalb qilinadi. Shuningdek, ushbu bandga muvofiq, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu harakatlar:
a) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa;
b) g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa;
v) xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa,
- bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravardan (34 mln soʻm) 200 baravarigacha (68 mln soʻm) jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlariga jalb qilinadi. Shuningdek, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish kabi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining 141-2-modda jazo choralari belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda, shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
- jinoyat sodir etgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan (34 mln soʻm) 150 baravarigacha (51 mln soʻm) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda;
g) xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa;
d) og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa,
- bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan (51 mln soʻm) 200 baravarigacha (68 mln soʻm) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.