Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov “Tahoe”ni “urib oldimi”?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda boks bo‘yicha oltin medal sohibi Bahodir Jalolovga yangi sovg‘a qilingan “Tahoe” rusumli avtomobili haqida turli xabarlar  tarqalmoqda. “Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov kuni kecha tantanali yig‘ilishdan so‘ng avariyaga uchradi va Prezidentdan hozirgina olgan “Tahoe” mashinasiga shikast yetkazdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi yaqinida olomon tufayli Bahodir Jalolov tor yo‘lda Milliy gvardiya mashinasiga borib urilgan. U 100 ming dollarga yaqin bo‘lgan yangi mashinasini haydab ketayotgan edi”, — deyiladi xabarlardan birida.

HUKM: ROST
12-avgust oqshomida Parijdan yetib kelgan O‘zbekiston milliy olimpiya terma jamoasi a’zolari Toshkent aeroportida tantanali kutib olindi. Marosim davomida Olimpiada g‘oliblari va sovrindorlariga 50 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pul mukofotlari, “Tahoe” va “BYD Song Plus” avtomobillari, shuningdek, ikki qavatli kottejlar va kvartiralar berildi. “Prezident sovg‘asi” deb yozilgan mukofotlarni Bosh vazir va Senat raisi topshirdi.

Koʻp oʻtmay Bahodir Jalolov sovg‘a qilingan yangi “Tahoe” mashinasini YPX xodimining “Malibu”siga urib oldi. Tarmoq foydalanuvchilari voqea joyidan olingan video tasvirlarni ulasha boshladilar.

Youtube platformasidan ekran tasvirlari

Ma’lumot uchun:

Bahodir Jalolov boks bo‘yicha ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni. Birinchi oltin medalni 2020-yil Tokioda qo‘lga kiritgan. Bahodir Jalolov (+92 kg) finalda amerikalik kichik Richard Torresni mag‘lub etib, Olimpiada chempioni bo‘lgan. Hakamlarning yakdil qarori bilan (5:0) Bahodir Jalolov yutgan.

Boks bo‘yicha Parij — 2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining final bahsida Bahodir Jalolov +92 kg vazn toifasida ispaniyalik Ayyub Gadfaga qarshi ringga chiqqan. Chempionlik jangida raqibini magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi.  

Qo‘shimcha qilib, 2021-yil noyabr oyida Prezident qarori bilan Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov nomidagi sport mahorati maktablarini tashkil etish va ular uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilish topshirilgan edi.  Davlat rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, Jalolov nomidagi maktabga birinchi qabul 2022-yilda bo‘lib o‘tgan va bugungi kunda bu yerda 50 nafar iqtidorli o‘quvchi tahsil olmoqda.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.