Tolibon Oʻzbekistonga 120 ming litr neftni qaytarib yubordimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda Tolibon 120 ming litrga yaqin neftni sifati past boʻlgani uchun Oʻzbekistonga qaytargani haqida xabar tarqaldi. “Standartlar milliy boshqarmasi yana bir bor afgʻon tadbirkorlaridan mamlakatga sifatsiz tovarlar olib kirilishining oldini olishni soʻradi” — deyiladi xabarda. Aytib o‘tish lozimki, xabarlarda ba’zi hollarda 120 ming litr, ba’zan esa 120 ming tonna deb keltiriladi.

Factchecknet.uz ushbu ma’lumotni oʻrgandi.

HUKM: YOLGʻON 

Oʻzbekiston Respublikasi davlat  bojxona qoʻmitasi ushbu xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Bojxona qo‘mitasi qaytarib yuborilgan neft O‘zbekistonga tegishli emasligini bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 20-yanvar kuni Rossiyadan (yuk jo‘natuvchi AO “Orsknefteorgsintez”) Afg‘onistonga (yuk qabul qiluvchi Bashir Navid Petroleum LTD) yuborilgan ikkita temir yo‘l sisternasida 120 tonna “avtomobilniy benzin neetilirovanniy” mahsulotlari Qozog‘istondan “Sariyog‘och” — “Chuqursoy” stansiyalari orqali O‘zbekistonga kirib kelgan. 

Ushbu sisternalar 7-fevral kuni Surxondaryo viloyati “Ayritom” stansiyasi orqali Afg‘onistonga chiqib ketgan. Afg‘oniston tomonidan qaytarilgan mazkur neft mahsulotlari 6-aprel kuni “Ayritom” stansiyasi orqali O‘zbekistonga qaytib kirib kelgan

“Shu oʻrinda ommaviy axborot vositalaridan ikkala mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni inobatga olib, bu kabi axborotlarni tarqatishdan oldin sinchiklab oʻrganishlarini soʻraymiz. Bojxona qoʻmitasi Matbuot xizmati bojxona organlari faoliyatiga doir axborotlarning xolisligi va haqqoniyligini taʼminlashda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan oʻzaro hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabar soʻngida.

Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida “Tolibon” Hayraton portidan 62 tonnadan ortiq Afgʻoniston sifatsiz  deb baholagan neftni O‘zbekistonga qaytargani xabar qilingandi. “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov mazkur xabar noto‘g‘ri talqin qilinganini, mahsulot sifati pastligi uchun emas, balki uning standarti Afg‘onistonda yo‘qligi uchun qaytarilganini aytgandi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.