Ijtimoiy tarmoqlarda avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshganligi haqida ma’lumot tarqalmoqda. “2024-yilning dastlabki 6 oyida avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshdi. Respublika tovar-xomashyo birjasida yarim yilda 426,2 mlrd so‘mlik “chiroyli” avtoraqam sotildi”, deyiladi xabarda.
Factchecknet.uz mazkur xabarni tekshirib koʻrdi.
HUKM: ROST
Uzex.uz o‘zining rasmiy sahifasida joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida onlayn-auksionlar orqali 426,2 mlrd so‘mga 104,9 mingdan ziyod avtomobil raqamlari onlayn-auksionlar orqali sotilganligi haqida xabar berdi.
Avtoraqamlar sotuvi soni va hajmi bo‘yicha 2024-yilning dastlabki 6 oyida uch barobarga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamlarning 97% jismoniy shaxslarga va qolgan 3% yuridik shaxslarga to‘g‘ri keladi. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 1,7 mln so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 517,1 mln so‘mni tashkil etgan. 2024-yilning yanvar-iyun oylari davomida birjaning mobilraqam.uzex.uz savdo tizimi orqali jami 13,1 mlrd so‘mlik 3 224 ta mobil raqamlar sotildi. Sotilgan avtomobil raqamlarning umumiy qiymati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki marotabaga o‘sdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2023-yilning mos davriga nisbatan 6% ga oshib, 21,5 trln so‘mni tashkil qiladi. Bunda budjet va korporativ buyurtmachilar mablag‘larining tejalishi 21% ga o‘sib, 4,7 trln so‘mga teng bo‘lgan.
Birjaning istiqboldagi rejalariga birja savdolari bo‘yicha yangi auksion rejimlarini joriy qilish, davlat xaridlari bo‘yicha biznes jarayonlarni raqamlashtirish va yangi mobil ilovalarni ishlab chiqish hamda mijozlar uchun qo‘shimcha xizmat turlarini joriy qilish kutilmoqda.