Ijtimoiy tarmoqlarda kommunal toʻlovlardan qarzdorlik boʻlsa, banklardan kredit olib boʻlmasligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Banklar kredit berishdan oldin mijozlarning kredit tarixi va moliyaviy ahvolini tekshirishi barchamizga ma’lum.
Factchecknet.uz kommunaldan qarzdorlar kredit ololmasligi haqidagi xabarlar haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
“OʻZSUVTA’MINOT” AJ tomonidan sohaga oid muammolar va ularning yechimlari toʻgʻrisida matbuot anjumani oʻtkazilgan. Unda kommunal toʻlovlardan, xususan, suvdan qarzdorligi mavjud fuqarolar uchun bankdan kredit ololmaslik uchun mexanizm ishlab chiqilayotganligi haqida aytib oʻtilgan. Bunga sabab qilib suv ta’minoti va oqova suv tizimlarida aniqlangan 7,7 ming noqonuniy ulanishlar, mazkur qonunbuzarliklar tufayli “O‘ZSUVTA’MINOT’’ AJga 68 mlrddan ortiq zarar yetkazilganligi, bugungi kungacha ushbu zararlarning atigi 15 mlrdi undirilganligi aytib oʻtilgan. Mana shunday noqonuniy ulanishlar haqida ma’lumotga ega fuqarolar “1255” qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkinligi aytilgan.
Bundan tashqari kommunal toʻlovlardan qarzdorligi bor fuqarolar “Oʻzbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiyasi pul toʻlovlarining mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida’’ buyrugʻiga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.