Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy telegram kanali “tonirovka” masalasida tarqalgan yolg‘on xabarlarga munosabat bildirmoqda: “Ijtimoiy tarmoqda “tonirovka” uchun to‘lovlar oshdi degan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. IIV JXD YHXX “tonirovka” uchun belgilangan to‘lov miqdori o‘zgarmaganligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, mashina oynalarini qoraytirish to‘lov miqdorlari avvalgidek qolmoqda. Bu quyidagicha belgilanadi:
- yengil avtomobillarning orqa yon oynalarini tusini o‘zgartirish (qoraytirish) — bepul;
- jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori — BHMning 8 baravari (2 720 000 so‘m);
- O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun esa — BHMning 14 baravari (4 760 000 so‘m);
- M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) — BHMning 40 baravari (13 600 000 so‘m) miqdorida belgilan.
“Tarmoqlardagi ayrim sahifalarning adminlaridan noto‘g‘ri ma’lumot tarqatib, jamoatchilikni chalg‘itmasliklarini so‘raymiz”, deya ilova qilinadi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda avtomobillar oynalarini qoraytirish (tonirovka) masalasi so‘nggi yillarda muhim o‘zgarishlarga duch keldi. 2022-yilda ushbu masalada bir qator muhim qarorlar qabul qilingan edi. Xususan, 2022-yil 28-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtomobil oynalarini qoraytirish bo‘yicha muhim qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan haydovchilar uchun sezilarli yengilliklar joriy qilindi. 2022-yil 1-iyuldan boshlab orqa yon oynalarni qoraytirish bepul bo‘ldi, old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari arzonlashtirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarorni jamoatchilikdan kelib tushgan e’tirozlarga javoban qabul qilganini ta’kidlagan va buni yengilliklarning “boshlanish”i deb atagan edi.