Qirg‘izistonda 10 ta farzandli onalarga 23 ming dollar beriladimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, Qirg‘izistonda ayollarga ko‘p farzand ko‘rish hukumat tomonidan tavsiya qilinib, hatto 10 nafar farzand ko‘rgan ayollarga 23 ming dollar miqdorida “suyunchi puli” berilishi mumkin ekanligi aytilgan. 

HUKM: ROST

Mazkur xabarlar dastlab Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning 4-noyabr kuni Norin shahridagi bolalar bog‘chasining ochilish marosimida qilgan nutqiga asoslangan. Tashiyev o‘z nutqida aholining ko‘payishi milliy xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekanligini ta’kidlab, ko‘p farzandli oilalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini aytgan. 

Ammo bu rag‘batlantirish barcha hududlardagi oilalarni qamrab olmasligi mumkin, “suyunchi puli” dengiz sathidan 1000 metr balandlikda yashovchi oilalarga berilishi aytilmoqda. Mamlakatning 90 foizdan ko‘p maydoni aynan shu balandlikda joylashganini hisobga olsak, aksariyat ko‘p farzandli oilalar bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. 

Bu tashabbus rasmiy darajada muhokama qilinib, Qirg‘iziston hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Prezidentning ko‘p bolali oilalarni, ayniqsa tog‘li hududlardagi oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmoni tayyorlanayotgani haqida Vazirlar Kengashi raisi Oqilbek Japarov 14-noyabr kuni parlament majlisida ma’lum qilgan

Dastur doirasida quyidagi miqdorlarda “suyunchi puli” berish rejalashtirilyapti:

  • to‘rtinchi farzand uchun – 100 ming qirg‘iz somi (taqriban $1,150);
  • beshinchi farzand uchun – 600 ming qirg‘iz somi (taq. $7,000);
  • yettinchi farzand uchun – 1 million qirg‘iz somi (taq. $11,700);
  • sakkizinchi va to‘qqizinchi farzandlar uchun – 1,5 million qirg‘iz somi (taq. $17,500);
  • o‘ninchi va undan ortiq farzand uchun – 2 million qirg‘iz somi (taq. $23,400).

Dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘p farzandli oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumatlar moliyaviy rag‘batlantirish dasturlarini joriy etishgan. Masalan, Rossiyada “Onalik kapitali” dasturi doirasida ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun $8 000 yoki 10 nafar farzand uchun 1 mln rubl, Finlyandiyada har bir chaqaloq uchun $10 970, Gretsiyada $2 235 yoki Janubiy Koreyada $70 000 to‘lab berilishi mumkin. 

Qirg‘izistonda jami aholi 7,2 million nafar bo‘lib, o‘tgan yetti yil ichida mamlakat aholisi 1 millionga ko‘paygan. Har bir ayol o‘rtacha 3 (2,8) nafar farzand ko‘rmoqda, bu global o‘rtacha ko‘rsatkichdan (2,3) yuqori bo‘lsa ham, yillar kesimida qaralganda tug‘ilish kamaymoqda.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.