Yaponiyada qishloqqa kelin bo‘lgan ayollarga $4100 beriladimi?

Улашиш:

Telegram kanallarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Yaponiya hukumati qishloq hududiga turmushga chiqqan qizlarga pul berishi mumkin ekan. Aytilishicha, hukumat bu orqali katta shaharlardagi bosimni kamaytirmoqchi bo‘lgan. Qizlarga 600 ming yapon iyenasi (taxminan 4100 AQSh dollari) miqdorida pul berilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Factchecknet.uz bu xabar rost yoki yolg‘on ekanligini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLGʻON

Yaponiyada aholining shaharlarga haddan tashqari ko‘p ko‘chib kelishi, ayniqsa, Tokio kabi megapolis shaharlarda jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Shu sababli hukumat mamlakatning chekka hududlaridagi aholini ham ko‘paytirish maqsadida turli dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu dasturlar, asosan, yirik shaharlardan chekka hududlarga ko‘chib o‘tgan fuqarolarga moliyaviy yordam berish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish yoki yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Hatto, Tokiodan qishloq hududlariga ko‘chib kelgan oilalarga har bir farzandi uchun 1 million yapon iyenasi (7500 AQSh dollari) taklif qilingan

28-avgustda Yapon OAVlarida hukumatning yana bir tashabbusi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Yaponiya mintaqaviy rivojlanish vazirligining 2025-yil uchun mo‘ljallangan davlat budjetiga kiritgan takliflari orasida Tokioning 23 ta tumanidan chekka hududlarga turmush qurgani sabab ko‘chib o‘tgan ayollarga 600 ming yapon iyenasi (taxminan 4 100 AQSh dollari) miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish ham ko‘zda tutilgan ekan. Ushbu tashabbus “turmush bilan bog‘liq ko‘chish” deb atalgan va hukumat bu orqali katta shaharlardagi aholining chekka hududlarga ko‘chib o‘tishini rag‘batlantirishni ko‘zlagan. Tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ko‘plab tanqidlarga uchragan. 

Aholining qishloq joylardan ko‘chib ketishi sababli 2050-yilga kelib mamlakatdagi 744 ta munitsipalitetning 40 foizi yo‘qolib ketishi mumkin, degan taxminlar bor. Buning asosiy sababi sifatida ko‘proq xotin-qizlarning boshqa hududlarga ko‘chib ketishi ko‘rsatilgan.

Tokioga ko‘chib kelayotganlarning aksarini ayollar tashkil qilgan. 2020-yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Tokioni hisobga olmaganda, qolgan 46 ta tumandagi 15-49 yosh oralig‘ida bo‘lgan bo‘ydoq erkaklar soni 11 million kishini, ayollar soni esa 9,1 millionni tashkil etgan. Ya’ni, qishloq joylarda oila qurmagan erkaklar soni ayollardan ko‘p. Bundan tashqari, kech turmush qurish holatlari ham ko‘paygan. Shuning uchun qishloq joylarga ayollarning ko‘chib kelishini rag‘batlantirish maqsadida yuqorida aytib o‘tilgan tashabbus ishlab chiqilgan.

Tarmoq foydalanuvchilari bu tashabbusni diskriminatsion, ya’ni faqat ayollarga qaratilgan yordam sifatida baholab, ularni “sotib olishga” urinish deb baholagan. Ba’zi tanqidchilar esa, hukumatni ayollarning nega qishloqlardan ko‘chib ketayotgani va qaytishni xohlamasligining asl sabablarini e’tiborsiz qoldirishda ayblagan. Loyiha asosan ikki jihatdan tanqidga uchragan. Birinchisi, faqat ayollarga yo‘naltirilgani, bu esa gender tengligi tamoyillariga zid deb ko‘rilgan. Ikkinchisi, loyihaning ayollarni moddiy rag‘batlantirish orqali qishloqqa ko‘chirishga urinish majburlash deb baholanib, jamiyatda ayollarni pulga sotib olish mumkin, degan fikrni uyg‘otishidan qo‘rqilgan. Bundan tashqari, shaxsning yashash joyi va turmush qurish haqidagi erkin qaroriga hukumat soliq to‘lovchilarning haqqi evaziga ta’sir qilmoqchi, degan tanqid ham yangragan. Tanqidlardan so‘ng, 30-avgust kuni Yaponiyaning mintaqaviy rivojlanish masalalari bo‘yicha vaziri Hanako Jimi jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda moliyaviy yordamni faqat ayollar uchun taqdim etish tashabbusi bekor qilinishini ma’lum qilgan

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.