Iroqda qizlarning nikoh yoshi 9 gacha tushirildimi?

Улашиш:

Ijtimoiy tarmoqlarda Iroqda qizlarning turmushga chiqish yoshi 18 dan 9 ga tushirilgani, yigitlarning uylanish yoshi esa 15 yosh etib belgilangani haqida xabarlar tarqaldi. Factchecknet.uz bu xabarlarni tekshirishga qaror qildi. 

HUKM: YOLG’ON

Iroqda “Shaxsiy maqom to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgarishlar jamiyatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, nikoh yoshiga oid kutilayotgan o‘zgarishlar ko‘pchilikning e’tiroziga uchragan. 4-avgust kuni Muvofiqlashtiruvchi asos partiyalari (Iroqning 5 ta shia partiyasi uyushmasi) tomonidan ilgari surilgan “Shaxsiy maqom to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish loyihasi Iroq Vakillar kengashida deputatlar muhokamasiga qo‘yilgan. Shundan so‘ng bu qonun huquq faollari, fuqarolik jamiyati va siyosiy guruhlarning e’tirozlariga, keyinchalik esa mamlakatning bir qancha shaharlarida namoyishlarga sabab bo‘ldi. “Shaxsiy maqom to‘g‘risida”gi qonunni o‘zgartirishga ilk marta 2003 – , 2005 -, 2014– va 2017-yillarda harakat qilib ko‘rilgan, ammo kuchli e’tirozlar sabab bu amalga oshmagan. Avvalroq, 24-iyulda ham bu qonunning parlamentdagi eshituvi kelishmovchilik va ziddiyatlar sabab bekor qilingan edi.

Iroq parlamentidagi Vakillar Kengashining sessiyasi

Qonun o‘zgarishlari nimalarni nazarda tutadi?

“Shaxsiy maqom to‘g‘risida”gi qonun Iroq respublikasi fuqarolarining nikoh, ajrashish, meros, vasiylik va farzand asrab olish kabi shaxsiy hamda oilaviy munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hisoblanadi. 188-sonli bu qonun 1959-yilda, o‘sha paytdagi bosh vazir Abdul Karim Qosim davrida qabul qilingan bo‘lib, ko‘pchilik bu qonunni mintaqadagi eng liberal qonun deb biladi va o‘zgartirishni xohlamaydi

Deputat, huquqshunos va faollarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan qonundagi tuzatishlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Diniy muassasalarga kengroq huquqlar berish: o‘zgarishlar Shia va Sunniy yo‘nalishi fatvo kengashlariga shaxsiy maqom masalalari bo‘yicha shariat qoidalarini ishlab chiqish huquqini beradi. Shaxsiy maqomga oid masalalar diniy muassasalar tomonidan ko‘rib chiqilib, shundan so‘ng  tasdiqlash yoki nizoli vaziyatlarda sudga yuborilishi mumkin;
  • Nikoh yoshini pasaytirish: amaldagi qonunda nikoh yoshi 18 yoki 15 (agar sudya ruxsat bersa) bo‘lsa, yangi o‘zgarishlar bu yoshni pasayishiga olib kelishi mumkin;
  • Alohida huquqiy rejimlar yaratish: ushbu o‘zgarishlar turli yo‘nalishlar uchun alohida huquqiy rejimlar yaratadi. Misol uchun, turmush qurgan juftliklar shaxsiy maqom qonunlari (fuqarolik qonunchiligi)ga amal qilish yoki islomiy maktablar (shar’iy hukmlar) qoidalarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
  • Ayollarning huquq va imkoniyatlarini cheklash: qonundagi tuzatishlar er-xotin turli mazhablarga mansub bo‘lsa, erning mazhab qoidalari qo‘llanilishi, ajrashgan ayolning uy-joy, nafaqa va mahr olish yoki farzandga vasiylik huquqidagi ustunliklari bekor qilinishi hamda meros masalalarida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin;
  • Diniy bo‘linish: nikoh jarayonida huquq va burchlarni belgilash uchun istalgan mazhabni tanlash imkoniyati jamiyatda mazhabga oid bo‘linish va ziddiyatlarga olib keladi;
  • Ko‘pxotinlikni osonlashtirish: amaldagi qonunda ikkinchi xotinga uylanish uchun birinchi xotinning roziligi talab qilinadi, yangi o‘zgarishlar esa bu talabni olib tashlashi mumkin.

Nikoh yoshiga oid bahslar

Tarmoqlarda eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan nikoh yoshiga doir qismga to‘xtaladigan bo‘lsak, taklif etilayotgan tuzatishlarga ko‘ra, nikoh yoshi boshqa qoidalar kabi diniy mazhablarning hukmi bilan belgilanadi: 

  • agar qonundagi o‘zgarishlar qabul qilinsa, Sunniy vaqf boshqarmasi va Shia vaqf boshqarmasi 2 qismdan iborat  kodeksni 6 oy ichida taqdim etadi. Tabiiyki, bu kodekslardagi nikoh yoshiga oid qoidalar ham mazhabdagi tartibga moslashtiriladi;
  • ushbu kodekslar parlament tomonidan tasdiqlanadi va shaxsiy holat sudlari uchun qonuniy maʼlumotnoma bo‘ladi;
  • nikoh shartnomasini tuzishda fuqarolar Sunniy yoki Shia mazhabining qoidalarini tanlash huquqiga ega bo‘ladilar. Shu tariqa ular tanlagan mazhabning nikoh yoshiga oid qoidalari ham ularga nisbatan qo‘llaniladi;
  • ushbu kodekslar har bir mazhabda keng tarqalgan hukmlarga asoslanadi. Agar umumiy hukm bo‘lmasa, unda shialar uchun oliy rahnamo Ali al-Husayniy as-Sistoniy, sunniylar uchun esa Vaqf boshqarmasiga qarashli Fatvo kengashi bo‘limi yoki har bir mazhabning yetakchi diniy ulamolariga murojaat qilinadi. 

Bu shuni anglatadiki, bo‘lajak er-xotin nikoh jarayonida Sunniy yoki Shia mazhabini tanlash huquqiga ega. Mazhab tanlanmasa, amaldagi qonunchilikda belgilangan yosh chegarasiga bo‘ysuniladi. Amaldagi “Shaxsiy maqom to‘g‘risida”gi qonunda esa nikoh uchun qonuniy yosh 18 yosh yoki shaxsning aqliy va jismoniy qobiliyatiga qarab sudyaning ruxsati bilan 15 yosh bo‘lishi mumkin. Agar mazhab tanlansa, mazhab ulamolari ishlab chiqqan kodeksdagi yosh chegarasi olinadi. Ko‘pchilikning fikricha, diniy ulamolar va fatvo kengashlariga imkon berilsa, ular qizlarning turmushga chiqish yoshini 9 yosh qilib belgilashadi. 

Qonun loyihasini taqdim etgan shia deputati Raad Al-Molikiyning taʼkidlashicha, yuqoridagi tuzatishlar Najafdagi diniy hokimiyatning xohishiga javoban kiritilgan. Biroq, yetakchi shia ulamosi Ali al-Husayniy as-Sistoniy idorasi Molikiyning daʼvosini rad etadi va as-Sistoniy shaxsiy maqom bilan bog‘liq qonunlarni o‘zgartirish bo‘yicha oldingi kampaniyalarga aksincha, doimiy ravishda qarshi chiqqanini taʼkidlaydi. As-Sistoniy erta nikohni qoralovchi fikrlarini  oldin ham bildirgan. Qonunni o‘zgartirish loyihasiga qarshi bo‘lgan boshqa diniy yetakchilar ham bor.  

Mamlakatdagi tanqid va namoyishlardan so‘ng bosh vazir Muhammad Shia al-Sudaniy e’tirozlar Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha Oliy Kengashda qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan

Yuqoridagilardan kelib chiqsak, qizlarning nikoh yoshi 9 yosh etib belgilandi yoki belgilanmoqda deyishga shoshilmaslik kerak. Chunki qonunga tuzatish kiritish loyihasi qo‘mitada ko‘rib chiqilishi, agar o‘tsa, parlamentdagi 3 bosqichli jiddiy muhokamalarda o‘zgarishsiz qolishi va davlat rahbarining imzosini olishi kerak bo‘ladi. Qonun o‘zgarishlari atrofidagi bahslar davom etmoqda va uning kelajak taqdiri hozircha noma’lum.

Foto-manipulyatsiya

Ba’zi nashrlar Iroqdagi qonunga tuzatish kiritish masalasining faqat nikoh yoshiga doir qismiga urg‘u berib, sarlavhaning ishonchliligini oshirish, jamiyatda vahima va g‘azabni qo‘zg‘atish maqsadida mavzuga aloqasi bo‘lmagan suratlardan foydalanayotganini ko‘rdik.

Xabarlardan biriga ilova qilingan yuqoridagi surat ko‘p yillardan beri feyk va dezinformatsiyalar uchun xizmat qilib keladi. Bu kadr 2013-yil Suriyaning Halab shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Qur’on musobaqasi”ning videosidan qirqib olingan. To‘liq videodan ko‘rish mumkinki, qizaloq tilovat qilishda xato qilib qo‘ygach, yig‘lagan va yonidagi erkak uni ovutishga harakat qilgan. Yakunda unga ham sovg‘alar berilgan.

Boshqa bir xabardga ilova qilingan bu kadrlar esa Falastinning G‘azo shahridagi ommaviy to‘yda suratga olingan. Unda qizaloqlarga ramziy ma’noda kelin ko‘ylaklari kiydirilgan.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.