Foto: Illyustrativ surat sun'iy intellek ko'magida yaratildi
So‘nggi yillarda havoning ifloslanishi nafaqat nafas olish yo‘llariga, balki ko‘z salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazishi haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda. Ushbu masala bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari bu xavotirni tasdiqlaydi.HUKM: ROST
Atmosferadagi zararli zarrachalar, xususan, PM2.5 va PM10, inson salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi. Ular avtomobil chiqindilari, sanoat faoliyati va boshqa ifloslantiruvchi manbalardan kelib chiqadi. Ushbu zarrachalar nafaqat nafas olish tizimiga, balki ko‘zning yuzasi va ichki qatlamlariga ham zarar yetkazishi mumkin.
Tadqiqot natijalari
AQShda olib borilgan tadqiqot
Kolorado universiteti Sue Anschutz-Rodgers ko‘z markazi tomonidan 2015–2023-yillar oralig‘ida o‘tkazilgan tadqiqotda PM2.5 va PM10 miqdori oshgani sari ko‘z yallig‘lanishi va allergiya bilan bog‘liq holatlar soni oshgani aniqlangan. Havodagi zararli zarrachalar ko‘z yuzasida yallig‘lanish va tirnash xususiyati keltirib chiqarishi, bu esa shifokorlar oldiga murojaat qilish holatlarini ko‘paytirgani qayd etilgan.
Buyuk Britaniyadagi tadqiqot
115 ming odamning ko‘z salomatligi o‘rganilgan tadqiqotda ifloslangan hududlarda yashovchilar orasida “makula degeneratsiyasi” (ko‘rish qobiliyatini pasaytiruvchi kasallik) rivojlanish xavfi 8% yuqori ekani aniqlangan. Bundan tashqari, ifloslangan havo ko‘z to‘r pardasida o‘zgarishlar keltirib chiqarib, ko‘rish qobiliyatining yanada yomonlashuviga sabab bo‘ladi.
Ko‘zlarni himoya qilish uchun maslahatlar
- Himoya koʻzoynaklaridan foydalaning: Havosi ifloslangan hududlarda ko‘zoynak taqish zararli zarrachalarning ko‘zga tushishining oldini oladi.
- Sun’iy ko‘zyosh tomchilaridan foydalaning: Ko‘zlarni nam holda saqlash uchun ushbu vositalar muhim. Bu ko‘zning himoya qatlami mustahkamlanishiga yordam beradi.
- Havo sifatini kuzatib boring: Havo ifloslanishi darajasi yuqori kunlarda ehtiyotkorlik choralari ko‘rish zarur. Havo sifati haqidagi ma’lumotlarni kuzatish uchun iqair.com, hydromet.uz, yoki accuweather.com kabi resurslardan foydalanish mumkin.