Soxta ilmiy yutuqlar: nega tadqiqotlarga shubha bilan qarash kerak?

Улашиш:

Faktcheking jarayonida rost-yolg‘onni ajratishda ilmiy izlanishlarga tayanish juda muhim, ammo har doim ham ularga ko‘r-ko‘rona ishonib bo‘lmaydi. Ba’zida hatto eng obro‘li ilmiy jurnallarda ham soxta ma’lumotlarga asoslangan “tadqiqotlar” chop etilishi mumkin. Shuning uchun faktcheking jarayonida manbalarni sinchiklab tekshirish va ishonchliligiga baho berish lozim. Tarixda ilmiy jamoatchilikni chalg‘itib, keyinchalik yolg‘onligi fosh qilingan bir qancha shov-shuvli tadqiqotlar mavjud. Keling, ularning ba’zilari bilan tanishib chiqamiz.

1. Endryu Uveykfild va autizm

1998-yilda Endryu Uveykfild o‘z tadqiqotida bolalarda autizmning rivojlanishiga AKDS vaksinasi sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volarni ilgari surgan. Bu tadqiqot katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib, ko‘plab ota-onalarning bolalarini emlashdan bosh tortishiga olib kelgan. Keyinchalik metodologiya va ma’lumotlarning soxtalashtirilganligi aniqlandi. Natijada, Endryu Uveykfildning tibbiy litsenziyasi bekor qilingan va uning tadqiqoti ilmiy jurnaldan olib tashlangan.

2. Xvan Vu-suk va klonlash 

Xvan Vu-suk 2004 – 2005-yillarda inson hujayralarini klonlashda katta yutuqlarga erishganini da’vo qilgan. Xvanning tadqiqotlari unga shuhrat va e’tirof keltirdi, u hatto milliy qahramon darajasiga ko‘tarildi. Ammo bu shon-shuhrat uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada uning ishlari tekshiruv ostiga olindi va natijada yolg‘on ma’lumotlarga asoslanganligi fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Xvan ishlatgan hujayralar klonlanmagan, balki oddiy hujayralar edi.

Bu voqea Xvanning ilmiy martabasini barbod qildi. Uning ilmiy darajasi bekor qilindi va o‘zi esa firibgarlikda ayblanib, sudlandi. 

3. Diederik Stapel va ijtimoiy psixologiya

Uzoq yillar davomida Stapel o‘zining tadqiqotlarida hayratlanarli natijalarga erishib kelgan va uning ishlari ilmiy jurnallarda tez-tez chop etilib, boshqa olimlar tomonidan keng qo‘llanilgan.

Stapel o‘z tadqiqotlarida ma’lumotlarni to‘qib chiqargan va ularning asosiy qismi real tajribalarga emas, balki soxta ma’lumotlarga asoslangan edi. Ushbu soxta natijalar nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan va boshqa olimlarning ishlariga katta ta’sir qilgan.

2011-yilda uning talabalaridan biri va ba’zi hamkasblari uning tadqiqot metodlarida shubhali jihatlarni sezishgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan mustaqil tekshiruvlar davomida uning ko‘plab ishlari soxtaligi fosh etildi. Bu voqea natijasida Diederik Stapelning ilmiy maqolalari ilmiy jurnallardan olib tashlandi, uning ilmiy darajalari bekor qilindi va u akademik jamiyatdan chiqarildi. 

4. Mark Hauzer va evolyutsion psixologiya 

Garvard Universitetining professori Mark Hauzer o‘zining bir qator evolyutsion psixologiya tadqiqotlarida ma’lumotlar bilan nojo‘ya manipulyatsiya qilgan. 2011-yilda uning bir nechta ishlari qayta ko‘rib chiqilgan va ilmiy noaniqliklar aniqlangan. Bu holat uni akademik lavozimidan mahrum qilgan.

5. Yan Xendrik Shyon va fizika 

Taniqli “Bell Labs” tadqiqotlar kompaniyasi fizigi Yan Xendrik Shyon yarimo‘tkazgichlar sohasida porlab kelayotgan yulduz edi. Uning organik molekulalar asosidagi tranzistorlar bo‘yicha olib borgan ishlari inqilobiy tuyulardi.  Biroq boshqa olimlar uning natijalarini qayta yarata olmadilar, bu esa shubha uyg‘otdi.

Tekshiruv shuni aniqladiki, Shyon ko‘plab tadqiqotlarida ma’lumotlarni qalbakilashtirgan ekan. U natijalarni o‘zgartirgan va hatto kerakli natijaga erishish uchun tajribalarni to‘qib chiqargan. Oqibatda, Shyon “Bell Labs”dan ishdan bo‘shatildi, uning ilmiy ishlari qaytarib olindi va ilmiy darajasi bekor qilindi.

Ilmiy tadqiqotlarda halollik va aniqlik tamoyillariga sodiq qolish nihoyatda muhimdir. Soxta ma’lumotlarga asoslangan “tadqiqotlar” nafaqat ilmiy jamoatchilikka, balki butun jamiyatga katta zarar yetkazishi mumkin. Faktcheking jarayonida ham manbalarni tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish, ularning ishonchliligi va haqqoniyligini tekshirish zarur. Chunki ishonchli va aniq ma’lumotlar asosida qurilgan xulosalar o‘quvchilarga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatadi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.