Ijtimoiy tarmoqlarda bolalarning haddan tashqari asabiy bo‘lib qolishiga telefon hamda televizorlar sabab ekanligi haqida xabarlar tarqaldi (1,2). Xabarda aytilishicha, gadjetlardan foydalanish bolalarni injiq, aqliy nosog‘lom va ovqat tanlaydigan qilib qo‘yishi ilmiy jihatdan isbotlangan ekan. Keling, bu iddaolar haqida ilmiy tadqiqotlar qanday xulosalar berganini ko‘rib chiqamiz.
HUKM: QISMAN ROST
Tadqiqotlar nima deydi?
Elektron qurilmalarning bolalarni aqliy va ruhiy rivojlanishiga ta’sirini o‘rgangan bir qancha ilmiy tadqiqotlar bor. Michigan Medicine universitetining “JAMA Pediatrics” jurnalida chop etilgan tadqiqotiga ko‘ra, 3–5 yoshli bolalarni tinchlantirish uchun smartfon va planshetlardan tez-tez foydalanish bolalarda, ayniqsa o‘g‘il bolalarda hissiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin ekan. Tadqiqot 422 nafar bola va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, elektron qurilmalar bolalarning mustaqil va muqobil tinchlanish usullarini rivojlantirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi, hissiy jihatdan muammolarga uchrab, asabiy bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin ekan.
“PLOS ONE” jurnalida chop etilgan tadqiqotga koʻra, muntazam va uzoq vaqt mobil qurilmalardan foydalanish bolalarda xulq-atvor muammolariga, jumladan, nofaollik va e’tibor sustligiga olib keladi. Tadqiqot Yaponiyadagi 6 yoshli 1642 nafar bolalar orasida o‘tkazilgan.
Yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, televizor va gadjetlarda zo‘ravonlik aks etgan materiallarni ko‘rish ehtimoli yuqori va bu bolalar orasida tajovuzkorlikni oshirishi mumkin ekan. Shuningdek, mobil qurilmalardan uzoq muddat davomida foydalanish bolalarda diqqat yetishmovchiligi va impulsivlik (o‘zini tuta bilmaslik, o‘ylamay harakat qilish yoki tez qaror qabul qilish)ni oshiradi. Gadjetlardan foydalanishni bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ham salbiy ta’sirlari haqida dalillar mavjud.
Gadjetlardan foydalanishning bolalarga ta’siri faqat salbiy emas. To‘g‘ri tanlangan ma’rifiy ilovalar orqali bolalar yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlari, dunyoni o‘rganishlari, ijodkorlik va muloqot qobiliyatlarini rivojlantirishlari ham mumkin. Agar ota-onalar zamonaviy texnologiyalarni o‘z farzandlarining yoshi va ehtiyojlariga mos holda, aniq maqsad bilan ishlatsalar, bu bolalarning rivojlanishiga katta foyda keltirishi mumkin.
Gadjetlardan foydalanishning bolalarga ijobiy va salbiy ta’siri turli omillarga, jumladan, foydalanish vaqti, nima maqsadda ishlatishi va ota-ona nazoratiga ham bog‘liq. Afsuski, ayrim ota-onalar farzandlarining gadjetlardan foydalanishiga yetarlicha e’tibor bermaydilar, natijada yuqoridagi salbiy oqibatlar yuzaga keladi. Tadqiqotlar gadjetlardan foydalanish va yuqoridagi muammolar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi, ammo bu muammolarni faqat gadjetlarga bog‘lash ham to‘g‘ri emas. Genetik omillar, oiladagi muhit va boshqa ijtimoiy faktorlar ham rol o‘ynashi mumkin.
Shuning uchun, ota-onalar gadjetlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash o‘rniga quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq:
- Foydalanish vaqtini cheklash: Amerika pediatrlar akademiyasi 18 oylikkacha bo‘lgan bolalarga ekranlarni umuman ko‘rsatmaslikni, 2–5 yoshli bolalar uchun esa gadjetdan foydalanish vaqtini kuniga 1 soatdan oshirmaslikni tavsiya qiladi;
- Ota-ona nazorati: bolalarning qanday kontent ko‘rayotganini kuzatib borish va ularga yoshiga mos materiallarni tanlashda yordam berish muhim;
- Muqobil mashg‘ulotlar: bolalarni jismoniy faollik, ko‘chada tengdoshlari bilan o‘ynash, kitob o‘qish, ijodkorlik va boshqa foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish ularning gadjetlarga bo‘lgan qaramligini kamaytirishi mumkin;
- Ochiq muloqot: bolalar bilan gadjetlardan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlari haqida ochiq suhbatlashish, ularga o‘z vaqtlarini samarali boshqarishni o‘rgatish zarur.
Har bir bola o‘ziga xosdir, shuning uchun ota-onalar farzandlarining ehtiyojlarini tushunishlari va ularga mos yondashuvni tanlashlari muhim. Bolalarning gadjetlardan foydalanishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, ular texnologiyaning ijobiy tomonlaridan unumli foydalanadilar va salbiy ta’siridan himoyalanadilar.