Elektron sigareta odatiy tamakidan zararliroqmi?

Улашиш:

Xabarlarga ko’ra, “vayping (elektron sigareta) odatiy sigaretaga qaraganda inson DNKsiga ko’proq zarar yetkazadi. Amerikalik olimlarning tadqiqotlariga ko’ra elektron sigaret chekayotganda DNK chekmaydiganlarga qaraganda 260% ko’proq shikastlanadi.  Odatiy sigaretada esa 220% ga”.

Factchecknet.uz ushbu xabarni ko’rdi.

Eslatma: Factchecknet.uz tamaki mahsulotlari targ‘iboti bilan shug‘ullanmaydi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab quvvatlaydi. Material tarmoqlada tarqalgan ma’lumotni tekshirish maqsadida tayyorlandi. 

HUKM: YOLG’ON

Janubiy Kaliforniya universiteti olimlari guruhi vayper foydalanuvchilari, odatiy tamaki chekuvchilar va hech qachon chekmagan yoki elektron sigaretni sinab ko‘rmagan insonlar og’iz hujayralarini o‘rgandi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, odatiy tamaki chekuvchilarda elektron sigaret foydalanuvchilariga qaraganda ko‘proq gen o‘zgarishlari aniqlangan. Elektron sigaret foydalanuvchilarida 857 ta genning ekspressiyasi (faollik darajasi – tahririyat izohi) oshgan va 295 ta genning ekspressiyasi kamaygan, tamaki chekuvchilarda esa 1383 ta genning ekspressiyasi oshgan va 343 ta genning ekspressiyasi kamaygan. Bu shuni ko‘rsatadiki, elektron sigaret foydalanuvchilarining og‘zida chekuvchilarnikiga o‘xshash gen o‘zgarishlari bor, lekin bu o‘zgarishlar bir xil emas.

Vayping va chekish genlarga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun maxsus vositalardan foydalanilgan. Elektron sigaretdan foydalanuvchilarda o’zgargan genlarning 76%i ma’lum funksiyalar bilan bog’liq bo’lsa, chekuvchilarda bu ko’rsatkich 89% edi. Qizig’i shundaki, elektron sigaretdan foydalanuvchilarda o’zgartirilgan genlarning atigi 53 foizi protein kodlashi bo’lgan, chekuvchilarda esa 79 foiz. Saraton bilan bog’liq bo’lgan ba’zi genlar ikkala guruhda ham ta’sirlangan.

Gen topilmalarini tasdiqlash uchun olimlar elektron sigaret foydalanuvchilari va chekuvchilarda tasodifiy tanlangan genlarda RT-qPCR deb nomlangan boshqa usuldan foydalangan. Bundan tashqari, plazma kotinini (nikotin metaboliti) va nafasdagi CO miqdorini o’lchash orqali ishtirokchilarning chekish/vayping holati tasdiqlangan. Bunda elektron sigaretdan foydalanuvchilarda chekmaydiganlarnikiga o’xshash darajalar tasdiqlangan. Qizil qon hujayralarida CO ni ko’rsatadigan karboksigemoglobin (%COHb) o’lchovi chekuvchilarda chekmaydiganlarga qaraganda sezilarli darajada yuqori bo’lgan, elektron sigaretdan foydalanuvchi va chekmaydiganlar esa o’xshash COHb darajalariga ega

Bu elektron sigaretalarning DNKga ta’siri odatiy tamaki mahsulotlarinikiga qaraganda yengilroq ekanligini ko‘rsatadi.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.