Factchecknet.uz nashri bir qancha vaqtdan buyon “Tashabbusli budjet” loyihasi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib keladi. Bu gal tahririyat Buxoro viloyati Romitan tumanidagi holatni o‘rgandi.
Tumanga qarashli “Qalaychorbog‘” MFY tarkibida joylashgan “Alisheyx” qishlog‘i hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini ta’mirlash tashabbusi 2023-yilda 7156 ovoz to‘plab g‘olib deb topildi.
Tashabbus uchun 681 million so‘m miqdoridagi mablag‘ tasdiqlangan. Loyiha pudratchisi sifatida tender asosida (Lot raqami: 23411006039011) “Elshod qurilish servis” MChJ belgilangan.
Loyiha tashabbuskori ijro sifatini “qizil” deya baholab, quyidagicha izoh qoldirgan: “Bajarilgan ishlar ko‘rsatilgan loyiha-smetaga asosan bajarilmagan, asfalt qalinligi umuman talabga javob bermaydi”.

Haqiqatan ham, ayrim nuqtalarda asfalt sifatsiz yotqizilgan va hattoki o‘simliklar yorib chiqishi darajasiga yetgan.
Openbudget.uz saytidan ekran tasviri
Ushbu holatni o‘rganish maqsadida Romitan tumanida bo‘ldik. Tashabbuskor Shubaydillo Amonov bizni talabga javob bermaydigan holatda ta’mirlangan ko‘chalar bilan tanishtirdi:


Tahririyat muammoni o‘rganib ketgandan bir kun ham o‘tmay, 22-avgust kuni tashabbuskor o‘z “qizil” izohini “yashil”ga o‘zgartirib qo‘ydi, biroq bu ta’miri sifatsiz bo‘lgan ko‘chalarni ham “yashil” qilib qo‘ya olmaydi.

Openbudget.uz saytidan ekran tasviri
Yuqoridagi keys natijasida tashabbuskorlarning “Jamoatchilik nazorati” bo‘limidagi izohlari shaffof ekanligiga ham shubha tug‘iladi. Ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini tekshirishning yangi mexanizmlari o‘ylab ko‘rilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tashabbusli budjet o‘zi nima?
Prezidentning 2021-yil 13-aprel kunidagi (PQ-5072) qarori bilan fuqarolar budjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki budjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratilgan edi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021-yilda “Ochiq budjet” portali ishga tushirildi. Plaftormada “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilib, u orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok eta boshladilar.
Budjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etildi.