Ijtimoiy tarmoqlarda eshak go‘shtini iste’mol qilishga ruxsat berilgani haqidagi xabarlar ko‘plab sharhlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi va hatto ba’zi foydalanuvchilarni memlar yaratishga ilhomlantirdi.
Tarmoq sahifalarida “O‘zbekistonda eshakni “iste’mol qilinadigan hayvonlar” ro‘yxatiga kiritishdi” sarlavhali xabarlar paydo bo‘ldi. Postlar mualliflari hattoki ma’lumotni raqamlar bilan keltirdilar: “Ushbu xabardan keyin eshaklarning narxi 40-50% ga keskin oshdi”.
Yangilikka rasmiy ma’lumotning paydo bo‘lishi sabab bo‘ldi, ammo hammasi unchalik oddiy emas edi.
HUKM: FEYK
O‘zi nima bo‘lgan? Qonunchilik palatasi majlisida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, hisobga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Hujjat Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 5-avgust kuni Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Qonun loyihasi uy hayvonlarini identifikatsiya qilish (ko‘rinadigan yoki elektron birkalar, shuningdek, elektron mikrochiplarni o‘rnatish)ni nazarda tutadi.
Bularga “iste’mol uchun ishlatiladigan” qoramollar qatoriga hatto mushuklar va itlar kirib qolgan. Ro‘yxatga eshaklar ham tushgan. Bu go‘sht toifasining o‘zgarishi haqidagi xabarlar va yangiliklar tarqatishiga sabab bo‘ldi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu ma’lumot matn terish xatosi bo‘lib chiqdi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev qonun loyihasini qo‘mita va yalpi majlisda muhokama qilish chog‘ida deputatlar eshak, it va mushuklarni identifikatsiya qilish zarurligiga e’tirozlarini bildirdilar. Qonun loyihasi tashabbuskorlari mazkur e’tirozlarni qabul qildilar va agar loyiha birinchi o‘qishda ma’qullangan taqdirda, ular inobatga olinadi va ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida olib tashlanadi.
“Qonun loyihasida eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan. Umuman bu qonun “go‘sht iste’moli” haqida emas, balki hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish, kuzatish munosabatlarini tartibga soladi. Matbuot xabarnomasidagi tahririy xato tufayli tushunmovchilik kelib chiqqan”, – deb yozadi Odiljon Tojiyev.
Qonunchilik palatasi xabarida, shuningdek, ma’lumot tahrirlanganligi haqida diskleymer paydo bo‘ldi.Izoh keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi (1,2,3,4).