Alsgeymer bedavo kasallikmi?

Улашиш:

“YouTube”da tarqalgan videolavhada Alsgeymer kasalligiga davo yo‘qligi haqida gap boradi. Bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar esa butunlay xotirasini yo‘qotishi mumkinligi aytiladi. Factchecknet.uz ushbu kasallikka oid ma‘lumotlarni o‘rgandi.

HUKM: ROST

1906-yilda nemis psixiatri Alois Alsgeymer o‘z bemorida noodatiy ruhiy kasallik alomatlarini kuzatgan. Bemor vafotidan so‘ng Alsgeymer uning miyasini o‘rganib, neyronlar orasidagi g‘ayrioddiy o‘zgarishlarni aniqlagan. Ular keyinchalik “Alsgeymer kasalligi” deb nomlangan xastalikning asosiy belgilariga aylandi.

Butun dunyo bo‘ylab tarqalgan, ammo davosi topilmagan Alsgeymer kasalligi inson miyyasida sodir bo‘ladigan neyrodegenerativ xastalik bo‘lib, xotira va boshqa kognitiv funksiyalarning yo‘qolishiga olib keladi. Ushbu kasallik biotibbiyot sohasida eng ko‘p tadqiq qilinadigan xastaliklardan biri hisoblanadi. Alsgeymer kasalligi asab hujayralarining nobud bo‘lashiga va butun miya bo‘ylab to‘qimalarning yo‘qolishiga olib keladi. Kasallik tufayli vaqt o‘tishi bilan miya to‘qimalarining asta-sekin nobud bo‘lishi kuzatiladi, natijada miya hajmi kichrayib, uning turli funksiyalari buziladi.

Alsgeymer bilan kasallangan odam tashxis qo‘yilgandan keyin o‘rtacha 8-10 yil yashaydi, ammo boshqa omillarga qarab 20 yilgacha ham yashashi mumkin. Kasallikning kechishi qisman tashxis qo‘yilgan yoshga va odamning boshqa sog‘liq bilan bog‘liq muammolari bor yoki yo‘qligiga bog‘liq.

Alsgeymer kasalligi rivojlanishiga qarab 3 bosqichga bo‘linadi:

1-bosqich: erta/yengil bosqich

  • Belgilari: bemorlar ismlarni yoki yaqinda sodir bo‘lgan voqealarni unutish kabi yengil xotira pasayishini boshdan kechirishi mumkin. Shuningdek, ular vazifalarni rejalashtirish va bajarishda qiyinchiliklarga duch kela boshlashadi;
  • Funksional holatlar: ushbu bosqichdagi ko‘pchilik odamlar mustaqil yashab, kundalik ishlarni bajara oladi, ammo moliyaviy masalalarni hal qilish yoki dori-darmonlarni qabul qilishda yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin

2-bosqich: o‘rta/mo‘tadil bosqich

  • Belgilari: kasallik rivojlanishi bilan simptomlar yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Bemorlar o‘tmishni eslash, qiyofalarni tanish yoki kundalik vazifalarni yordamsiz bajarishga qiynaladilar. Kayfiyat va kundalik odatlarda ham tez-tez o‘zgarishlar ro‘y beradi;  
  • Funksional holatlar: bu bosqichda bemorlar kundalik faoliyatda ko‘proq yordamga muhtoj bo‘ladilar. Mashina haydash va moliyaviy ishlarni boshqarish qobiliyatini yo‘qotadilar. Vaqt va joylarni chalkashtirish kuchayadi.

3-bosqich: kechki/og‘ir bosqich

  • Belgilari: alsgeymer kasalligining kechki bosqichida bemorlar jiddiy kognitiv buzilishlarni boshdan kechiradi. Ular samarali muloqot qilish qobiliyatini yo‘qotishi, yaqinlarining ismlarini eslay olmasligi va kundalik hayotning barcha jabhalarida yordamga muhtoj bo‘lib qolishi boshlanadi;
  • Funksional holat: bemorlar ko‘pincha to‘shakka mixlanib qoladi va atrofdagi voqealarga javob berish qobiliyatini yo‘qotadi. Ularda xulq-atvorning sezilarli o‘zgarishlari kuzatilib, kechayu kunduz parvarish talab etiladi.

Hozirda Alsgeymer kasalligining sabablari va rivojlanishi to‘g‘risida to‘liq tushuncha mavjud emas. Bu kasallik yosh, genetika va atrof-muhit omillari kabi turli xil faktorlar ta’sirida kelib chiqadigan holat deb qaraladi. Zamonaviy davolash usullari asosan kasallikni bartaraf etish o‘rniga, simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan. 

Kasallikning oldini olish, uni tashxislash va davolashda yangi yutuqlarga erishish uchun tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda. Erishilgan yutuqlarga qaramay, Altsgeymer kasalligining uzil-kesil davosi hali ham topilmagan.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.