Telegram kanallarda shifokorlar ota-onalarni bir qoshiq asal chaqaloqni oʻldirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan xabarlar tarqaldi.
Factchecknet.uz xabarga asos qilib olingan faktlarni tekshirdi.
HUKM: QISMAN ROST
Asalning inson salomatligiga foydasi haqida ko‘p eshitganmiz. Biroq uning shifobaxshligi bilan bir qatorda tavsiya etilmaydigan holatlari ham mavjud. Ota-onalar ko‘pincha shakar o‘rniga muqobil variant sifatida tabiiy asaldan foyalanadilar. Biroq, bir yoshga to‘lmagan chaqaloqqa shifokorlar asal bermaslikni tavsiya qilishadi.
Chaqaloqlarga asal berish chaqaloq botulizmi deb ataladigan juda kam uchraydigan jiddiy kasallikka olib kelishi mumkin. Chaqaloq botulizmi bakteriya sporalarining ta’siridan kelib chiqadi. Clostridium botulinum nomli bakteriyalarning sporalari chaqaloqning ichaklarida o‘sishi va ko‘payishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, chaqaloq botulizmini keltirib chiqaradigan xavfli toksin ishlab chiqaradi. Bu kasallik mushaklarning zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Bolada emish zaiflashishi, yig‘lash, ich qotishi, nafas olishdagi muammolar kabi belgilar namoyon bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, botulizm kasalligi juda kam uchraydi. Har yili AQShda o‘rtacha 110 ta holat aniqlanadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatgich qancha ekani haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q. Ammo bu kasallik hayot uchun xavfli hisoblanadi. Aksariyat hollarda ushbu kasallik bilan og‘rigan bolalar kasalxonaga yotqizilsa-da, o‘lim holatlari juda kam uchraydi.
Amerika Pediatriya Akademiyasi (AAP) ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga qo‘shimcha shakar bermaslikni tavsiya qiladi. Mevalar, loviya yoki sut mahsulotlarida uchraydigan shakar tabiiy hisoblanadi. Bu tabiiy shakarlar chaqaloqning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarurdir. Qo‘shilgan shakar saxaroza, dekstroza va asal sifatida belgilanishi mumkin. Bular insulin qarshiligi, prediyabet va 2-toifa diabetning yuqori xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Amerika Pediatriya Akademiyasi bola ikki yoshga to‘lganida uning kunlik ovqat ratsioniga 25 grammdan ko‘p bo‘lmagan shakar qo‘shishni tavsiya qiladi. Shuningdek asal tavsiya etilgan miqdordan, ya’ni 25 grammdan oshmasa, shakar o‘rnida ishlatilishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, bir yoshga to‘lmagan bolalarga asal berish xavfli kasallik bilan og‘rish ehtimolini oshirsa-da, ushbu kasallikdan o‘lim holati juda kam uchraydi.