O‘zbekistonning aholisining aksariyatida maymun chechagiga qarshi immunitet bormi?

Улашиш:

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Mpox (maymun chechagi)ga qarshi O‘zbekiston  aholisining aksariyatida immunitet borligi haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarda virusning tarqalish ehtimoli va xavfi kamligi haqida so‘z boradi. Factchecknet.uz bu ma’lumotlar qay darajda asosli ekanligini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: YOLG‘ON

COVID-2019 pandemiyasidan so‘ng 2022-2023-yillarda maymun chechagi (Mpox) virusi ham keng tarqala boshladi. Virus ilk marta keng miqyosda Afrikaning markaziy va g‘arbiy mintaqalaridan tashqarida ham qayd etildi, bu esa JSST va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarining xavotiriga sabab bo‘ldi. Odamdan odamga yuqish holatlari ko‘payib, vaksina va davolash usullari rivojlantirildi. 

Mpox — yangi global tahdid

2024-yilda avgustida tarqalishi cheklangan virus Kongo Demokratik Respublikasi va unga qo‘shni davlatlarda yana keng yoyila boshladi. JSST maymun chechakgi epidemiyasi kengayib ketishining oldini olish uchun favqulodda holat e’lon qilgach, barcha jahon davlatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham unga qarshi choralar ko‘rila boshlandi. 

Virusning kirib kelishi va tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rilar ekan, Sanepidqo‘mitaning xavotir olmaslik va xavf darajasini baholovchi bayonoti biroz shubhali ko‘rindi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston aholisining aksariyat qismida maymun chechagiga qarshi jamoaviy immunitet mavjud ekan. O‘zbekiston aholisining 1980-yildan avval tug‘ilgan qismi chechak kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Sanepidqo‘mitaning ta’kidlashicha, chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymun chechagiga ham qarshi ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi. Buni tasdiqlovchi bir qancha tadqiqotlar bor (123). Chechak vaksinasi verusdan taxminan 80-85% himoya qila oladi, bu asosan ikki virus o‘rtasidagi genetik o‘xshashlik tufayli sodir bo‘ladi.

1980-yilda chechakni butun dunyo bo‘ylab yo‘q qilish uchun keng qamrovli emlash kampaniyasi o‘tkazilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbarligida olib borilgan bu harakatlar natijasida 1980-yilda chechak rasmiy ravishda yo‘q qilingan deb e’lon qilindi. Ammo oradan 44 yil o‘tdi, bu bugungi 44 yoshgacha bo‘lgan aholida maymun chechagiga qarshi immunitet yo‘q ekanligini (agar keyinchalik ham yo‘q virusga qarshi emlash qilingan bo‘lmasa), asosan 44 yoshdan katta bo‘lgan qatlam doirasida immunitet borligini anglatadi. 

Statistikaga asoslanib hisoblaydigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi taqriban 37 milliondan oshiq aholining 76,2 foizi yoki 28,2 milliondan ko‘pi 1980-yildan keyin tug‘ilgan 44 yoshgacha bo‘lgan insonlardir. Bu degani, aksariyat odamlr Mpoxga qarshi immunitetga ega emas. Demak, “Respublikamiz aholisining  aksariyat qismida maymun chechagiga qarshi jamoaviy immunitet mavjud”, — degan Sanepidemqo‘mita talqini mantiqan xatodir. Aholining 23,8 foizini tashkil etgan 1980-yildan avval tug‘ilganlar “aksariyat” qism bo‘la olmaydi. Qo‘mitaning bu talqini virusning xavf darajasini kamaytirib, jamiyatning shaylik holatini bo‘rttirishga o‘xshab ko‘rinmoqda.

Mpox virusi qanday yuqishi, belgilari va oldini olish choralari

Yuqish yo‘llari:

  • Odamdan odamga: kasallangan odam bilan yaqin aloqa (teri, og‘iz, nafas) orqali, jinsiy aloqa orqali. Virus kiyim-kechak va boshqa narsalarda ham saqlanib, yuqishi ehtimoli bor. Homiladorlik, tug‘ruq yoki emizish davrida ham yuqishi mumkin;
  • Hayvondan odamga: kasallangan hayvonni ushlash, uning tishlashi, tirnashi yoki yovvoyi hayvonlarning go‘shtini isteʼmol qilish orqali yuqishi mumkin.

Alomatlar: toshma (2-4 hafta davom etishi mumkin), isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, holsizlik, limfa tugunlarining shishishi. Toshmalar yuz, qo‘llar, oyoqlar, chov va boshqa joylarda paydo bo‘lishi mumkin.

Himoyalanish: 

  • belgilarini bilish, yuqish yo‘llarini cheklash;
  • Mpox bilan zararlangan kishilarga yaqin aloqadan saqlanish;
  • qo‘llarni tez-tez yuvish;
  • shubha tug‘ilsa, shifokorga murojaat qilish va boshqalardan ajralib turish;
  • kasallangan taqdirda, to‘liq tuzalmaguncha boshqalardan izolyatsiyada bo‘lish;
  • yovvoyi hayvonlar bilan aloqadan saqlanish; 
  • hayvon go‘shtini yaxshilab pishirib, isteʼmol qilish.
2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.