Braziliyada faqat ayollar yashaydigan shahar bormi?

Улашиш:

Braziliyada faqat ayollar yashaydigan shahar borligi haqidagi ma’lumotlar turli tarmoqlarda aylanib yuribdi. Xabarlarga ko‘ra, Noiva do Kordeyro shahrida 20-35 yoshdagi 600 ga yaqin ayol yashaydi (1234). Erkaklar, er va o‘g‘illar qo‘shni aholi punktlarida ishlaydi va yashaydi, faqat dam olish kunlarida xotinlari va onalari yoniga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Ba’zi manbalarning qo‘shimcha qilishicha, hozirda shahardagi yolg‘iz ayollar erkaklarni izlamoqda va ularga birga yashashni taklif qilmoqda (12).

Factcheck.kz tahririyati bu voqea qanchalik haqiqat ekanini aniqlashga qaror qildi.

HUKM: YOLG‘ON

Noiva do Kordeyro taqdirida ayollar haqiqatan ham katta rol o‘ynagan, ammo qishloq jamoasida faqat ayollar yashaydi, degan ta’kid afsonadir. Aslida, aholi punktida ayollar va erkaklar soni taxminan teng. Garchi ko‘p erkaklar eng yaqin metropolga ishlash uchun ketishsa ham, ularning yashash joylariga qaytib kelishlarida hech qanday cheklovlar yo‘q. 

Aholi punkti tarixi va uning hozirgi hayoti 2023-yilda tayyorlangan National Geographic reportajida yetarlicha batafsil yoritilgan. Shu kontentning o‘zi Noiva do Kordeyroda faqat ayollar yashaydi, degan afsonani yo‘qqa chiqaradi.

“Mariya Senyorinya De Lima XIX asrdagi Portugaliya mustamlakachilari va rim katolik dini dogmalari bilan to‘lgan Braziliyada o‘sgan. Uch oylik majburiy nikohdan so‘ng Mariya o‘zi sevgan odam — Chiko Fernandes bilan qochib ketgan; jazo sifatida cherkov Mariyani va uning to‘rt avlodini la’natlagan. Mariya va Chiko Minas-Jerays shtatida yashashga joylashgan. Ularga yana ko‘proq odamlar, jumladan, cherkov tomonidan quvg‘in qilingan boshqa ayollar ham qo‘shilgan; jamiyat gender tengligi va din erkinligi asosida rivojlangan”, — deb yozadi National Geographic.

Biroq Mariyaning avlodlaridan biri Marsiya Fernandesning nashrga aytishicha, quvg‘in posyolka aholisiga tinchlik bermagan: “Gunohkor” deb atalayotgan ayollar jamoa hududidan tashqariga xavfsiz chiqa olishmagan va ularning qo‘shni shaharlarda maktablarda o‘qiyotgan bolalari “fahsh bolalari” deb atalar edi.

“Vaziyat 1940-yillarda Anisio Pereyraning kelishi bilan o‘zgardi. U muqaddas yozuvlarni so‘zma-so‘z o‘qishga asoslangan o‘z xristianlik versiyasini yaratgan protestant yevangelist edi. U cherkov tashkil qildi va sobiq katoliklarga qutqarilishni taklif qildi; unga bo‘ysunganlarga alkogol va musiqani cheklab, ayollarning hamma narsada erkaklarga bo‘ysunishini buyurdi. 1960-yillarda uning ta’siri kuchayganida 45 yoshli voiz 16 yoshli ayolni — Delina Fernandesni (Mariyaning nabirasini) o‘ziga xotin qilib oldi”, — deb davom etadi National Geographic.

Pereyra davrida yashagan 75 yoshli qishloq ayoli Mariyana Doraçi de Almeyda qanday qiyinchiliklarga duch kelganini eslaydi: uning so’zlariga ko’ra, ayollarga kontratseptivlardan foydalanish yoki tug’ruqda kesar kesish usulini qo’llash mumkin emas edi.

Pereyra aholi punkti uchun qo‘yilgan “Nuva-do-Kordeiro” nomining muallifi bo‘lib, bu “Qo‘zining kelini” degan ma’noni anglatadi. Pereyra 1995-yilda vafot etgach, cherkov yopilgan va buzilgan, lekin nom posyolka uchun saqlanib qolgan. 

Afsonaning yaralishi

Jamoada har doim erkaklar yashagan bo‘lsa, qanday qilib “ayollar shahri” haqidagi afsona paydo bo‘ldi? Portugaliya haftalik nashri “Expresso” xabariga ko‘ra, bunda 2014-yilda Britaniya gazetasi “The Telegraph”da mahalliy ayollar haqida maqola chop etilishi katta rol o‘ynagan. “Braziliyadagi go‘zallar vodiysi yolg‘iz erkaklarni jalb qilmoqda” sarlavhali materialda jurnalist Donna Bouoter go‘yoki hudud ayollarining “erkaklar yetishmaydi yoki uyidan uzoqda ishlaydi” deganini yozgan. 

Maqola virusli tarzda tarqalgan, lekin u nashr etilganidan ikki kun o‘tgach, The Telegraph gazetasidagi ayollarning “erkaklar yetishmaydi” degan da’vosini rad etgan BBC Braziliya xizmati materiali chiqqan. Nashr jamoaning uch nafar ayoli bilan suhbatlashgan, ular mish-mishlarning asossizligini tasdiqlashgan. Ulardan biri Rozali Fernandes hech qachon “The Telegraph”ga intervyu bermaganini ma’lum qildi.

Ehtimol raddiya yolg‘on kontent kabi e’tiborni tortmagan, bu esa ko‘pincha uchrab turadigan holat, shuning uchun Daily MailHuffington Post kabi mashhur nashrlar va boshqalar hali ham uni tarqatishda davom etishgan. 

Manba: https://factcheck.kz/fastchesk/suschestvuet-li-v-brazilii-gorod-gde-zhivut-tolko-zhenschiny 

Rerayt – Dilbar Elamanova

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.