Matilda effekti nima?

Улашиш:

Matilda effekti haqidagi ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan ommaviy axborot vositalari va blogerlar postlarida paydo bo‘ladi. Bu nima va tasvirlangan voqealar o‘rtasida haqiqatan ham bog‘liqlik bormi? Keling, buni aniqlaylik.

Matilda effekti bu ayollarning fandagi yutuqlarini muntazam ravishda e’tibordan chetda qoldirishdir. Bu ayollarning intellektual qobiliyatlariga shubha qilishdan tortib, ularning mehnatini past baholash va hatto kashfiyotlarini erkak hamkasblariga o‘tkazishgacha bo‘lgan turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.

“Matilda effekti” atamasi 1993-yilda tarixchi Margaret V. Rossiter tomonidan kiritilgan. Bu nom 1870-yilda “Ayol ixtirochi sifatida” essesini nashr etgan amerikalik sufragist Matilda Geyj bilan bog‘liq. Unda u paradoksal holatga e’tibor qaratdi: ayollarning ixtirolari ko‘pincha unutiladi, erkaklarning yutuqlari esa yodda qoladi. Geyjning ta’kidlashicha, ayol olimlar faqat jinsi tufayli e’tibordan chetda qolmoqda.

Biroq, Matilda effekti faqat ilmiy muhit bilan cheklanib qolmaydi, hayotning boshqa sohalariga, shu jumladan san’atda ham mavjud. Bu yerda iste’dodli rassomlar, yozuvchilar va bastakorlar tan olinishi uchun erkak ismlari ostida yashirinishga majbur bo‘lgan ko‘plab misollar bor. Bu ehtiyoj ayollar ijodiga nisbatan jamoatchilikning munosabati bilan belgilangan.

XIX-asrda o‘z ijodini targ‘ib qilmoqchi bo‘lgan ayollar uchun erkak taxalluslaridan foydalanish odatiy hol edi. Bu ularga gender cheklovlari va ijtimoiy qoidalarni chetlab o‘tishga, o‘sha, ayollar jiddiy ijodkorlikka qodir emas deb hisoblangan davrda ko‘pincha ayol jinsiga mansubligini yashirish imkonini berdi.

Fanda Rozalind Franklin genetikaga qo‘shgan hissasi kabi pretsedent bor edi. U DNK va RNK tuzilishi boʻyicha tadqiqotlar olib bordi va uning viruslar strukturasi boʻyicha ishi virusologiyaga asos soldi. Raymond Gosling bilan hamkorlikda u rentgen kristallografiyasi yordamida olingan “Fotosurat 51”ni yaratdi. Tasvir DNKning spiral tuzilishini ko‘rsatdi va Frensis Krik, Jeyms Uotson va Moris Ulkins tomonidan keyingi tadqiqotlar uchun asos bo‘ldi. Afsuski, Rozalind Franklin ushbu kashfiyotga qo‘shgan hissasi qadrlanmadi va u o‘z ishi uchun munosib e’tirof etilmadi. 1962-yilda Uotson, Krik va Uilkins tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi, ammo Rozalind Franklin allaqachon vafot etgan edi.

Daun sindromining genetik asoslarini ochishda fransuz genetiki Mart Gotye asosiy rol o‘ynadi. 1958-yilda Parij kasalxonasida ishlayotganida, u qo‘shimcha xromosoma mavjudligini ko‘rsatadigan tadqiqot o‘tkazdi. Gotye professor Jerom Lejene boshchiligidagi tadqiqot guruhining a’zosi edi.

Uning hamkasblari bilan yaqin hamkorlikda olib borilgan ishi Daun sindromi va uning genetik asoslari haqidagi tushunchani qayta belgilab berdi. Uning muhim hissasiga qaramay, Mart Gotyening nomi ko‘pincha e’tiborga olinmaydi, uning hissasi ushbu kashfiyot uchun ko‘pchilik maqtovga sazovor bo‘lgan jamoa rahbari Jerom Lejen soyasida qolib ketdi.

Amerikalik genetik Netti Stivens 1903-yilda inson jinsi X va Y xromosomalari tomonidan belgilanishini isbotladi. Uning ishi o‘sha paytdagi bolaning jinsi tashqi omillarga bog‘liq degan afsonalarni rad etdi. Bu kashfiyot genetikada yangi davr — xromosoma jinsini o‘rganishga asos soldi. Biroq, uning novatorlik ishiga qaramay, bu kashfiyot o‘sha davrning taniqli genetiki Tomas Xant Morgan bilan bog‘lanadi. Stivensning genetikaga katta hissa qo‘shganiga qaramay, uning Morgan ishidagi roli, afsuski, ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi.

Mashhur bastakor Feliks Mendelsonning singlisi Fanni Mendelsonning  iste’dodi ham akasinikidan kam emas edi. U 14 yoshida musiqa yozishni boshlagan, ammo ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi stereotiplar tufayli otasi va akasi Fanniga professional musiqa bilan shug‘ullanishiga ruxsat berishmagan. Fanni asarlarni Feliksning asarlari sifatida taqdim etib, muallifligini yashirishga majbur bo‘ldi. Uning musiqasi katta muvaffaqiyatga erishgan, lekin shon-shuhrat va e’tirof uning akasiga nasib qilgan.

60-yillarda Qo‘shma Shtatlarda nomutanosib ravishda katta ko‘zlari bo‘lgan qayg‘uli bolalarning rasmlari katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Pop-art timsoliga aylangan bu rasmlar rassom Uolter Kinniki sifatida tanildi. Biroq, aslida ularning muallifi uning rafiqasi Margaret Kin edi. Eri uni muallif ayol ekani aniqlansa, hech kim rasmlarni olmasligiga ishontirdi hamda moliyaviy qiyinchiliklar va erining bosimidan cho‘chigan Margaret bu aldovga rozi bo‘ldi. U kechayu kunduz rasm chizgan, Uolter esa shon-shuhrat va pullarni o‘zlashtirib olib, hashamatli hayot kechirgan. O‘n yil o‘tgach, Margaret eridan ajrashdi va mualliflik haqidagi haqiqatni oshkor qildi va 1986-yilda u “katta ko‘zlar”ning haqiqiy yaratuvchisi ekanligini isbotlab, sudda g‘alaba qozondi. Uning hikoyasi asosida 2014-yilda “Katta ko‘zlar” filmi suratga olingan.

Tarix iqtidorli ayollarning yutuqlari yashirilgan yoki erkaklar tomonidan o‘zlashtirilganligi haqida misollariga to‘la. Ularning hissalarini e’tirof etish nafaqat adolatli, balki tadqiqotchilarning kelajak avlodlari uchun ham ilhom manbaidir.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.