Soddalar uchun tuzoq: Zafar Hoshimov bilan feyk intervyu

Улашиш:

So‘nggi yillarda veb-sayt interfeyslarini soxtalashtirish va ma’lumotlarni manipulyativ tarzda tarqatish dezinformatsiya hamda onlayn muhitda firibgarlik faoliyatini amalga oshirishning juda keng tarqalgan usuliga aylandi. Firibgarlar nufuzli manbalarning soxta variantlaridan faol foydalanmoqda va mashhur manbalarning qo‘llab-quvvatlashi, ma’qullashi yoki sharhlari haqida yolg‘on taassurot yaratmoqda. Ushbu soxta materiallarda ko‘pincha taniqli odamlar yoki mutaxassislardan iqtibos keltiriladi, ular o‘quvchilarni ularning ishtiroki yoki bayonotlari haqida xato fikrga qilishga olib keladilar.
O‘zbekistonning mashhur Gazeta.uz nashriga o‘xshatib qilingan soxta veb-saytda joylashtirilgan feyk ma’lumotlar Internetda faol tarqalmoqda. Firibgarlar mashhur jamoat arbobi Zafar Hoshimov nomidan foydalanib, o‘zlarining yolg‘on iddaolarini ishonchliroq qilishmoqda.

Aldovning mohiyati nimada?

Soxta veb-saytda Zafar Hoshimovning investitsiya platformasi yordamida go‘yoki tez boyib ketish sirlari bilan o‘rtoqlashgan intervyusi e’lon qilingan. Firibgarlar oson pul topish illyuziyasini yaratib, minimal sarmoyalar bilan katta foyda va’da qilmoqdalar.

Qanday qilib soxta intervyu o‘quvchilarni manipulyatsiya qiladi va uning firibgarlik belgilari qanday?

1. Hech qanday harakatsiz tez boyib ketish va’dasi piramida sxemasi yoki boshqa turdagi firibgarlikning klassik belgisidir. Suhbatda Zafar Hoshimovning soxta dialoglari mavjud bo‘lib,  u “Immediate Fortune” platformasi orqali istalgan odam divandan o‘tirib, osongina boyib ketishi mumkinligi haqida gapirgan shaxs sifatida taqdim etilgan.

2. Intervyuda aytilishicha, go‘yoki, “Immediate Fortune” platformasiga yangi aʼzolarni jalb qilish orqali minimal kuch sarflab, katta miqdorda pul ishlash, tez va oson boyib ketish mumkin emish.

3. Firibgarlar auditoriyada shoshilinchlik  va tezkor chora ko‘rish zarurligi hissi yaratish uchun maqola istalgan vaqtda o‘chirilishi mumkinligini bildirib, o‘quvchilarni imkon qadar tezroq platformaga olib boruvchi havolani saqlab qolishlariga undovchi taktikadan foydalanishgan.

4. Tranzaktsiyalarning skrinshotlari osongina soxta yaratilishi mumkin. Platformaning samaradorligi haqidagi mustaqil tasdiqlar yo‘q.

Umuman olganda, bu hiylalar o‘quvchilarni jalb qilish, ularni taqdim etilayotgan imkoniyatlarning haqiqatligiga ishontirish va piramida sxemasi yoki boshqa firibgarlik sxemasida ishtirok etishga jalb qilishga qaratilgan.

Bunday soxta materiallar nafaqat jamoatchilikni nufuzli manbalar va voqealar masalasida chalg‘itadi, balki jiddiy oqibatlarga, jumladan moliyaviy yo‘qotish va shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishiga olib kelishi mumkin.

Bunday manipulyatsiyalarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish, ayniqsa shubhali yoki shov-shuvli da’volar Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib ketganda doim ma’lumot manbalarining ishonchliligini tekshirish muhim.

*Ushbu matn faqat axboriy xarakterga ega va moliyaviy maslahat emas. Mablag‘larni investitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror siz tomoningizdan barcha mavjud ma’lumotlarni to‘liq tahlil qilingan holda qabul qilinishi kerak.

2014-2025 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.