GMO haqida 3 ta afsona

Улашиш:

Oziqlanishga doir eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri genetik jihatdan o‘zgartirilgan oziq-ovqatlar (GMO) va ularning zararli jihatlaridir.

GMOlar biotexnologiya sohasida ham ko‘plab savollarni va muhokamalarni keltirib chiqaradi.

Oziq-ovqat sanoatida biotexnologiya – sifat va xavfsizlikni oshirish, hattoki yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yaratish uchun qo‘llaniladigan usul va texnikalar majmuasidir.

GMO – bu genetik muhandislik yordamida DNKsi o‘zgartiriladigan mahsulotlarning nomi. Jarayon genetik kodni tahrirlashga o‘xshaydi. Olimlar bir organizmda kerakli xususiyatlarni tanlab ularni nusxalaydi va boshqasining DNKsiga kiritadi. Natijada, kerakli xususiyatlarga ega yangi organizm paydo bo‘ladi. Masalan, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini yoki ozuqaviy qiymatini oshirish uchun o‘simlik genlarini o‘zgartirish mumkin.

1-afsona: GMO saraton va boshqa kasalliklarni keltirib chiqaradi

GMO oziq-ovqatlar odamlarda saraton kasalligiga sabab bo‘lishi haqida hech qanday dalil yo‘q. Ular qanday qilib saratonning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi haqida aniq tadqiqot natijalari mavjud emas. 1990-yillardan buyon GMO oziq-ovqatlari ko‘proq tarqalgan AQShda ushbu mahsulotlar bilan bog‘liq saraton kasalligi uchramagan. Ko‘p tadqiqotlar uzoq vaqt GMO iste’mol qilish xavfsiz ekanligini tasdiqladi. Butun dunyoning ilmiy tashkilotlari, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) GMOlar organizmga hech qanday zarar keltirmaydi, degan xulosaga kelgan. Aksincha: genetik jihatdan yaratilgan ba’zi ekinlar muhim ozuqa moddalarini ko‘paytirish uchun yaratilgan. Misol uchun, genetik jihatdan o‘zgartirilgan oltin guruch beta-karotinga boy bo‘lib, bu vitamin A tanqisligi bilan kurashishga yordam beradi. Bundan tashqari, biotexnologiya tufayli olimlar suyaklar, immunitet va yurak qon-tomir tizimi uchun foydali bo‘lgan D3 vitamini yuqori bo‘lgan pomidorlarni ham yaratdilar.

2-afsona: GMOlar allergiya chaqiradi

Aslida, transgen mahsulotlar sotuvga chiqishdan oldin tadqiqot bosqichida allergenlik va xavfsizlik bo‘yicha qattiq sinovlardan o‘tadi. O‘tgan o‘n yilliklar davomida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar bunday mahsulotlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq allergiya holatlarini aniqlamadi. Bundan tashqari, olimlar ayrim oziq-ovqatdagi allergenlarni kamaytirish yoki butunlay yo‘q qilish uchun biotexnologiyadan foydalanadilar. Misol uchun, ular eng keng tarqalgan allergenlardan biri bo‘lgan bug‘doy tarkibidagi kleykovina miqdorini kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan.

3-afsona: GMO atrof-muhitga salbiy ta’sir qiladi

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, GMO ekinlari texnologiyasi gerbitsidlardan foydalanishning  ko‘payishiga olib kelishi va gerbitsidlarga begona o‘tlarning o‘sishiga yordam berishi mumkin. Ammo, global miqyosga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1996-yilda GMO texnologiyasi keng qo‘llanila boshlanganidan beri GMO texnologiyasi tabiatan atrof-muhit uchun xavfli emas. Aslida, GMO texnologiyasi atrof-muhitga bir necha jihatdan ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U barqaror oziq-ovqat tizimini rivojlantirishda foydali vositaga aylantirdi.       

Olimlar, biotexnologik ekinlarning atrof-muhitga zararini emas, aksincha foydasini isbotlamoqda. GMOlar o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish uchun ishlatiladigan pestitsidlar miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, har bir daladan olinadigan hosil miqdorini oshiradi. Bu ko‘proq oziq-ovqat yetishtirish uchun kamroq kimyoviy moddalar, yer, suv va boshqa resurslardan foydalanish mumkinligini anglatadi. Shu bilan burga, GMO iqlim o‘zgarishiga olib keladigan gaz chiqindilarini kamaytirishga ham yordam beradi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.