Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ajrashishlar soni ko‘paygan. Factchecknet.uz statistik manbalarga tayanib, xabarni tekshirdi.
HUKM: ROST
Prezident huzuridagi Statistika agentligining veb-sayti rasmiy statistik ma’lumotlarni taqdim qilib boradi. Unda keltirilgan ma’lumotlarga asoslanib, haqiqatan ham so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ajrim holatlari keskin o‘sgan deyish mumkin. Xususan, 2020-yilda respublikada 28233 ta ajrim holati qayd etilgan bo‘lsa, keyingi uch yilda bu ko‘rsatkich mos ravishda 39349, 48733 va 49198 tani tashkil qilgan. Ya’ni so‘nggi uch yilda ajrim holatlari qariyb ikki baravar ortgan.
2023-yilda eng ko‘p ajrim holatlari Toshkent shahri, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda ajrim jarayonining amalga oshish ssenariylaridan biri quyidagicha: agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi. Shuningdek, sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Nikohdan ajralishni sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organida qayd etish er yoki xotinning yoxud er yoki xotindan birining ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilining nikohdan ajralishni qayd etish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiriladi.