Piyoz saraton kasalligidan himoya qila oladimi?

Улашиш:

Telegram kanallarida piyoz, ayniqsa qizil piyoz yo‘g‘on ichak, prostata bezi va oshqozon saratoni xavfini kamaytirishi haqida xabarlar tarqaldi. Hatto kuniga yarimta piyoz yeyish oshqozon saratoni xavfini 50 foizga kamaytirishi mumkinligi aytilmoqda. Lekin bu da’volar qanchalik ilmiy asosga ega? Factchecknet.uz buni tekshirib ko‘rishga qaror qildi. 

HUKM: QISMAN ROST

Piyoz va saraton: tadqiqotlar nima deydi?

Piyoz tarkibida antioksidantlar kabi ko‘plab foydali moddalar mavjud. Ayniqsa, piyozda kversetin moddasi bo‘lib, u hujayralarni zararli ta’sirlardan himoya qiladi va bu bilan saraton xavfini kamaytirishi mumkin. Bu borada hayvonlar va laboratoriya tadqiqotlarida ma’lum natijalar olingan. Odamlar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar piyoz yeyish bilan ayrim saraton turlarining kamayishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan

Piyoz va sarimsoqpiyoz bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, piyozni ko‘p iste’mol qilish yo‘g‘on ichak saratoni xavfini 56% ga, ko‘krak bezi saratoni xavfini esa 25% ga kamaytirishi mumkin ekan. Sarimsoq piyoz ko‘plab saraton turlariga qarshi kurashda samarali, ammo ko‘krak bezi va prostata bezi saratoni bundan mustasno. Har hafta sarimsoqpiyoz iste’mol qiluvchilar oyda bir marta yoki undan kamroq sarimsoq yeydiganlarga qaraganda yo‘g‘on ichak saratoniga uchrash xavfi 32% gacha kamayar ekan. 

Qizil piyoz va kversetin

Piyoz tarkibida kversetin degan modda bor. Guelf universiteti tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan izlanishlar qizil piyoz tarkibidagi kversetin va antosiyanin moddalari birgalikda saraton hujayralarining rivojlanishini to‘xtatishga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatgan. Qizil piyozda boshqa piyoz turlariga qaraganda ko‘proq kversetin borligi sababli, bu piyoz turi saratonga qarshi samaraliroq deyishmoqda. Lekin bu boradagi ilmiy dalillar hali yetarli emas.

Saraton va sog‘lom turmush tarzi

Saratonning oldini olishda sogʻlom turmush tarzi katta ahamiyatga ega. Bir nechta ilmiy tadqiqotlar toʻgʻri ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va zararli odatlar (chekish va spirtli ichimliklar iste’moli)dan voz kechish saraton xavfini kamaytirishini ko‘rsatadi.

Ovqatlanish: Ilmiy izlanishlarga ko‘ra, ko‘proq sabzavot, meva, don va dukkakli mahsulotlar iste’mol qilish saraton xavfini kamaytiradi. Shu bilan birga, qizil go‘sht va qayta ishlangan oziq-ovqatlardan voz kechish tavsiya etiladi. Bu yo‘g‘on ichak saraton xavfini kamaytirishga yordam beradi. 

Jismoniy faollik: Jismoniy mashg‘ulotlar ba’zi saraton turlariga, jumladan ko‘krak bezi, kolorektal va prostata bezi saratoniga qarshi kurashda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, jismoniy faol bo‘lgan insonlar ko‘krak bezi saratoniga chalinganda ham o‘lim xavfi sezilarli darajada pastroq bo‘lar ekan.

Spirtli ichimliklar: Alkogol iste’moli saraton rivojlanish xavfini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, spirtli ichimliklar iste’moli bilan og‘iz, halqum, qizilo‘ngach, jigar, ko‘krak bezi va ichak saratoni o‘rtasida kuchli bog‘liqlik bor. Alkogol tanada parchalanganda hosil bo‘ladigan asetaldehid moddasi DNKni zararlab, hujayralarning o‘zini tiklashiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa saraton hujayralarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Hatto oz miqdorda ichilgan alkogol ham saraton xavfini oshiradi, shuning uchun uni kamaytirish yoki undan butunlay voz kechish tavsiya etiladi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.