Qorong‘i xonada uzoq vaqt telefondan foydalanish ko‘z saratoniga olib kelishi mumkinmi?

Улашиш:

Internetda qorong‘i xonada telefondan uzoq vaqt foydalanish ko‘z saratoniga olib kelishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda.

HUKM: YOLG‘ON

Telefon ekrani taratadigan yog‘du asosan ko‘rinadigan yorug‘lik va qisqa to‘lqin uzunlikdagi zangori nurdan iborat. Zangori yorug‘lik uzoq vaqt davomida ishlatilgandagina ko‘zning to‘r pardasiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq, Amerika Oftalmologiya akademiyasi zangori yorug‘lik ko‘z saratoniga olib kelmasligini ta’kidladi. To‘g‘ri, ekranga haddan tashqari ko‘p qarab turish ko‘zning raqamli charchashiga va koʻzning qurishi, bosh ogʻrigʻi, ko‘rishning xiralashishi kabi vaqtinchalik alomatlarga olib kelishi mumkin, ammo saratonga emas.

Qorong‘i xonada telefondan foydalanish ko‘z saratoniga olib kelishini tasdiqlovchi ilmiy tadqiqotlar hozircha mavjud emas. Ko‘z saratoni kamdan-kam uchraydigan saraton turlaridan bo‘lib, uning asosiy xavf omillari irsiy moyillik, ultrabinafsha (UB) nurlanishining ta’siri va boshqa ekologik omillarni o‘z ichiga oladi.

Teri va ko‘z saratoni xavfini oshirishi mumkin bo‘lgan UB-nurlanish quyoshdan va ba’zi sun’iy manbalardan, masalan, solyariydan kelib chiqadi. Telefon ekrani UB nurlarini taratmaydi.

Qorong‘i xonada telefondan uzoq vaqt davomida foydalanish ko‘z saratoniga olib kelishi mumkinligini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q. Bu ko‘zning raqamli zo‘riqishiga va boshqa vaqtinchalik noqulayliklarga olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, saraton haqidagi da’vo noto‘g‘ri.

Avvalroq factchecknet.uz sayti O‘zbekistonda ko‘z saratoniga chalingan bolalar soni ko‘payaptimi, degan savolga javob bergan edi.

2014-2024 SANGZOR.UZ. "KUMUSH SERVIS MEDIA" MCHJ.